PointAI Oʻzbekiston startapi Plug and Play Tech Center investitsiyalarini jalb qildi

“Plug and Play Uzbekistan” akseleratsiya dasturining ikkinchi toʻlqini ishtirokchisi — “PointAI” startapi Silikon vodiysidagi “Plug and Play Tech Center” bosh ofisi tomonidan sarmoya jalb qildi.

“PointAI” kompaniyasiga 2023-yilda Azamat Hamidov va Aslxon Xoshimxoʻjayev tomonidan asos solingan. Ularning GPT til modeliga asoslangan aqlli algoritmi sunʼiy intellekt qoʻllab-quvvatlash xizmatini yaratadi. Ushbu xizmat kompaniyalarga mijozlarni sifatli qoʻllab-quvvatlash, kutish vaqtlarini qisqartirish va foydalanuvchilar tajribasini yaxshilashga yordam beradi.

Ushbu innovatsion yechim onlayn chakana sotuvchilarning mijozlar soʻrovlarini koʻrib chiqish uslubini oʻzgartirib, samaradorlik va tejamkorlikning noyob uygʻunligini taklif qiladi. “PointAI”ni tatbiq etgan elektron tijorat korxonalari qoʻllab-quvvatlash xarajatlarining sezilarli darajada kamaygani va yiliga $150 000 miqdorda mablagʻ tejashga erishilganini qayd etishdi. Chatbot mijozlar soʻrovlarining 80 foizini odamlar ishtirokisiz hal qiladi, pulni qaytarish, buyurtmani bekor qilish va yetkazib berish bilan bogʻliq muammolar shular jumlasidan.

“Plug and Play Tech Center” vakillari taʼkidlaganidek, startap ajoyib suratlarda kengaymoqda va uzoq muddatli taʼsir koʻrsatish uchun ulkan salohiyatga ega.

“Plug and Play Tech Center”ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Aloqa Bank, IT Park va Aloqa Ventures hisoblanadi.

Avvalroq startap IT Park tomonidan tashkil etilgan “Startup Battle 2023” da ishtirok etib, 1-oʻrinni egallagan edi. Oʻshanda jamoa Lissabondagi “Web Summit”ga yoʻllanma va “C-Space” kovorking maydoni uchun 12 million soʻmlik yutuqni qoʻlga kiritgan edi.

2024-01-23