“Posco DX” kompaniyasi O‘zbekistonning kadrlar salohiyatiga qiziqish bildirmoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyaning “Posco DX” kompaniyasi IT-biznes boʻlimi boshligʻi Vu Shik Jong bilan uchrashuv oʻtkazdi.

“Posco DX” kompaniyasi IT va OT, sunʼiy intellekt, Big Data, raqamli egizaklar, metamakon va robototexnika kabi fundamental texnologiyalarni integratsiyalash orqali butun Janubiy Koreya sanoatining raqamli transformatsiya yetakchisi hisoblanadi. Kompaniya 1989-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirda AQSh va Janubiy Koreya, shuningdek, Osiyoning bir qancha mamlakatlari ichki bozorlariga xizmat koʻrsatmoqda. 2023-yil oxiriga kelib kompaniyada 5000 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning global IT-biznesni yuritishdagi asosiy afzalliklari, jumladan, strategik joylashuvi, tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda davlat tomonidan faol tashkil etilayotgan keng imkoniyatlar va qoʻllab-quvvatlash dasturlari muhokama qilindi.

IT Parkning xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻyicha direktori Maxliyo Muksinova xorijiy korxonalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, mamlakatimizning iqtidorli mutaxassislari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Uchrashuv chogʻida har ikkala tomon hamkorlikka tayyorligini tasdiqladi, shuningdek, “Posco DX” vakillari Oʻzbekistonlik IT-mutaxassislarni jalb qilgan holda mamlakatimizda kompaniya ofisini ochishga qiziqish bildirishdi. Vu Shik Jong texnik bilimlari va chet tillarida ravon soʻzlashi tufayli murakkab muammolarni hal qilishga qodir boʻlgan mamlakatning kadrlar salohiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. “Posco DX” kompaniyasi oʻz ofisida ishga joylashtirish maqsadida oʻz oʻquv dasturlari boʻyicha isteʼdodlarimizni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, “Posco DX” vakillari Oʻzbekistonda texnologik kompaniyalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar va ishbilarmonlik muhitining samaradorligini oshirishda davlatning ochiqligini yuqori baholadilar.

Uchrashuv yakunida Sherzod Shermatov Vu Shik Jongni mamlakatimiz IT-sohasi bilan yaqindan tanishish va hamkorlikning kelgusi rejalarini muhokama qilish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurishni taklif qildi.

2024-04-29