President Tech Award tanlovining Demo Day tadbiri qanday oʻtdi

23 va 24-noyabr kunlari Raqamli texnologiyalar vazirligi binosining Konferensiyalar zalida umumiy sovrin jamgʻarmasi $1 millionni tashkil qiluvchi “Prezident Tech Award” tanlovining “Demo Day” tadbiri boʻlib oʻtdi.

Ikki kun davomida beshta toifaning har biri boʻyicha 10 tadan eng yaxshi 50 ta jamoa “Plug and Play”, “Global Venture ZF Group”, “Microsoft for Startups”, “Unicorn Next”, “iDos Games”, “Yu Capital”, “USC Ex-Epic Games”, “Microsoft & Amazon”, “Nomadic Minds” va “Google” kabi yetakchi kompaniyalar mutaxassislari oldida oʻz startaplarini taqdim etishdi.

Birinchi kun, 23-noyabrda tanlovning beshta yoʻnalishi boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi. Kun yakunida hakamlar hayʼati final bosqichiga yoʻllanma olgan 25 ta eng yaxshi jamoani (har bir toifa boʻyicha 5 ta) tanlab oldi.

24-noyabr kuni jamoalarning yakuniy taqdimotlari boʻlib oʻtdi, unda ular nafaqat oʻzlarining texnologik imkoniyatlari, balki kelajak haqidagi tasavvurlarini ham namoyish etdilar. Tanlov gʻoliblari keyinroq oʻtkaziladigan (qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinadi) onlayn ovoz berish natijalariga koʻra aniqlanadi.

Finalga chiqolmagan jamoalar “Plug and Play” ekspertlaridan startaplarini yaxshilash imkoniyatini beruvchi fikr-mulohazalarni olish imkoniga ega boʻlishadi.

Eslatib oʻtamiz, “President Tech Award” — raqamli texnologiyalar sohasidagi eng yaxshi startap loyihalari uchun tanlov. U maxsus yoʻnalish (Gran-pri Xakaton, 72 soat ichida raqamli yechim yaratishni oʻz ichiga oladi) va besh toifa boʻyicha oʻtkaziladigan asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga oladi:

  • sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar;
  • ijtimoiy sohadagi raqamli texnologiyalar;
  • axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi texnologiyalar;
  • tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
  • kompyuter va mobil oʻyinlar.

“Prezident Tech Award” tanlovi 30 yoshgacha boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan. Asosiy yoʻnalishlarda faqat Oʻzbekiston fuqarolari, maxsus yoʻnalishda esa (xakaton) — IT Park rezident kompaniyalari xodimlari boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham ishtirok etishlari mumkin.

2023-11-24