Proxy Planet va IT Park Uzbekistan GameDev va kibersport ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Radjabov rahbarligida Koreyaning “Proxy Planet” kompaniyasi bosh direktori Pak Yon Mok bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv doirasida tomonlar O‘zbekistonning GameDev sanoatini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladilar.

“Proxy Planet” 2023-yilda tashkil etilgan va Seulda joylashgan kompaniya bo‘lib, GameDev sektoriga yo‘naltirilgan biznesni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan. Kompaniya firmalarga yangi bozorlarga kirib borish, relokasiya yoki boshqa mamlakatlarda biznes yuritishda yordam berishga qaratilgan xizmatlarni taklif etadi. “Proxy Planet” o‘yinlarni ishlab chiqish, tadbirlarni tashkil etish va strategik sheriklikni izlash bo‘yicha maslahatlar beradi. Shuningdek, o‘yinlarni ishlab chiqish bo‘yicha ta’lim dasturlarini hamda investitsiyalarni jalb qilish xizmatlarini ham taqdim etadi.

O‘zbekiston allaqachon Koreya bozorida autsorsing sohasida ishonchli hamkor sifatida o‘zini namoyon etdi. Aholisining o‘rtacha yoshi 29 bo‘lgan va 31 milliondan ortiq mobil qurilma foydalanuvchisiga ega O‘zbekiston, ayniqsa, yuqori texnologiyalar va raqamli xizmatlar sohasida global raqobatbardoshligini oshirishga faol intilmoqda.

Memorandumga ko‘ra, “Proxy Planet” va IT Park Koreya kompaniyalarini jalb qilish uchun mustahkam xalqaro platformani yaratish, shuningdek, GameDev va elektron tijorat sohasidagi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilish niyatida. Hamkorlik IT-autsorsingni kengaytirish, Koreya bozori talablariga muvofiq yosh mutaxassislarni tayyorlash va O‘zbekistonda o‘yin ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.

“O‘zbekiston hukumati mamlakatning global IT-autsorsing markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash ustida faol ishlayotgani meni quvontiradi va men ular bilan hamkorlik qilish imkoniyatidan mamnunman, — dedi Proxy Planet bosh direktori Pak Yon Mok. — O‘zbekistonda raqamli sektorning rivojlanish sur’atlari meni hayratda qoldirdi va ishonchim komilki, bizning hamkorligimiz sezilarli natijalarga olib keladi.”

IT Park biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Radjabov qo‘shimcha qildi: “Koreyaning yetakchi o‘yin kompaniyalari bilan hamkorlikda biz GameDev sanoatini rivojlantirish uchun ekotizim yaratishimiz mumkin, bu esa yoshlarimizga keng imkoniyatlar taqdim etadi. Biz “Proxy Planet” kompaniyasiga kelajakdagi yutuqlarga zamin yaratadigan ushbu hamkorlik uchun minnatdormiz.”

“Proxy Planet” va IT Park o‘rtasida imzolangan memorandum O‘zbekistonda zamonaviy GameDev ekotizimini yaratish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Ushbu hamkorlik O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Hamkorlik natijasida mahalliy mutaxassislar va yosh dasturchilar kasbiy o‘sish uchun noyob imkoniyatlarga ega bo‘ladilar, bu esa O‘zbekiston iqtisodiyotining GameDev yo‘nalishi va raqamli sektorining jadal rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

2024-10-31