Qanday qilib 19 yoshda oyiga $1000 dan ko‘p daromad topish mumkin: Ergashov Lazizbekning hikoyasi

Bizning qahramonimizning ismi Lazizbek Ergashev, u atigi 19 yoshda va uni IT sohasidagi ancha tajribali frilanser deb hisoblasak bo‘ladi. Lazizbek - buxorolik. Aytgancha, u hozirgi kunda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Lazizbek Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ikkinchi bosqich talabasi va uch yildan beri veb-dasturlash sohasi bo‘yicha “frilanserlik” qilib kelmoqda.

Tarixga nazar

“Hammasi yoshligimdan boshlandi. U paytlarda men juda ko‘p kompyuter o‘yinlarini o‘ynardim va kuni bo‘yi kompyuter oldida o‘tirardim. Menga Warcraft III, Call of Duty va shu kabi o‘yinlarni o‘ynash juda yoqardi. To‘g‘risini aytsam, kompyuter o‘ynalarini o‘ynash orqali vaqtimni behuda o‘tkazardim, lekin ular menga o‘z o‘rnida kompyuterni yaxshiroq tushunishga yordam berdi desam ham bo‘ladi. Sababi o‘ynash jarayonida siz tarmoq o‘yinlarining funksiyalarini, ularning qanday ishlashi va shu kabi qiziqarli narsalarni tushunishni boshlaysiz. Keyinchalik o‘zimga “Bu o‘yinlar qanday yaratiladi” degan savolni berishni boshladim”, – deydi Lazizbek.

Shu vaqtdan boshlab Lazizbek Internetda “surfing” qilishni va forumlarni o‘qishni boshladi. Lazizbek o‘z o‘yinlarini yaratishni ham boshlagan edi, lekin o‘yinlarini rivojlantirish uchun unga ovozli prodyuserlar, grafik dizaynerlari va shu kabi boshqa mutaxassislardan shakllangan katta guruh kerakligini tushunib yetgach, o‘yin yaratish shaxtidan qaytdi.

Biroq oxir-oqibat bizning qahramonimiz veb-dasturlashga qiziqib qoldi. Bu esa uning HTML va CSS’ni o‘rganishiga turtki bo‘ldi. O‘sha paytlarda u 6-7 sinflarda o‘tahsil olayatgan edi.

“Menga dasturlashni chuqurroq tushunishimga ko‘maklashgan akamga hamda kompyuter sotib o‘lib berib va uyga internet o‘rnatib barcha kerakli shart-sharoitlarni yaratib bergan onajonimga  minnatdorchiligimni birdiraman. 2014-yilda hamma oilada ham WiFi mavjud emas edi”, – deya ta’kidladi Lazizbek.

Lazizbekning aytishicha, yaxshi ishlaydigan internet va ingliz tilini bilish frilans va dasturlashda katta ahamiyat kasb etadi. Sababi ma’lumotlarning aksariyatini internetdan topiladi va ular ko‘pincha ingliz tilida bo‘ladi.

“Keyinchalik men Fronend bilan ishlash uchun Javascriptni, Backend uchun PHP va ma’lumot bazalari uchun MySQL’ni o‘rgandim. 8-sinfda o‘qib yurgan paytimda, bolalar uchun eng yaxshi veb-saytni yaratish bo‘yicha respublika chempionatida qatnashdim va u yerda uchinchi sovrinli o‘rinni egalladim”, - dedi Lazizbek.

Frilansning dunyoda birinchi paydo bo‘lishi

Lazizbek frilans bilan shug‘ullanishni 16 yoshidan boshlagan. Sababi u katta talabga ega mutaxassis bo‘lishni va tajriba orttirishni xohlardi. Qolaversa, o‘sha paytda u juda yosh edi va mahalliy kompaniyalarda ishlay olmasligi sababli frilanser bo‘lishga qiziqdi.

Birinchi buyurtma

“Men birinchi buyurtmani weblancer.net saytida ishni boshlaganimdan so‘ng bir hafta o‘tib oldim. Birinchi mijozim Latviya unversiteti talabasi edi va menga ishni bajarish uchun juda kam muhlat berdi. O‘sha paytda men uning universitetiga tegishli bo‘lgan savollarga javob bera oladigan AI chatbot yaratishim kerak edi. Eng qizig‘i, buyurtma olgan vaqtimda men AI va chatbot haqida hech nima bilmas edim. Juda hayajonlandim, sababi agar o‘sha topshiriqni bajara olmaganimda, frilanserlik faoliyatimni to‘xtatar edim. Ammo biroz izlanishlardan so‘ng internetdan osongina chatbot yaratish va uni platformaga biriktirish mumkin bo‘lgan “Google Dialogflow” nomli bepul servisni topdim. Keyinchalik ushbu chatbotni birlashtirish mumkin bo‘lgan sayt yaratdim. Ushbu 4 kun davomida ishlagan loyiham uchun $350 miqdorida pul ishladim. U vaqta bu men uchun juda katta miqdordagi pul edi. Loyiha frilans birinchi qarashda tuyulgandek qo‘rqinchli emasligini tushunib yetishimga yordam berdi. Agar men buni 1 marta qila olgan bo‘lsam, ikkinchi marta ham qilishim mumkinligini tushundim”, - dedi Lazizbek.

Sen endi qidirmaysan, seni o‘zlari topishadi

“Nimaga ekanligini bilmadim, lekin men hech qachon mahalliy mijozlar bilan ishlamagan ekanman. Men uchun Yevropa yoki Osiyodagi boshqa mamlakatlardan mijozlar toppish men uchun ancha oson edi. Boshida mening reytingim past bo‘lganligi sababli mijozlarni topishda qiynaldim. Men bu sohada yangi bo‘lganim sababli, ko‘pchilik menga loyihalarini ishonishmas edi. Ammo reytingim o‘sishni boshlashi bilan darhol buyurtma olishim osonlashdi. Natijada, reytingim yuqori bo‘lganda, mijozlarga yozishning xojati ham qolmadi, sababi ular meni o‘zlari topishardi. Birdaniga 3-4 ta taklif kelib tushgan vaqtlar ham bo‘ldi”, - deya ta’kidladi Lazizbek.

Birinchi xorijiy shartnoma

“18 yoshimda menga Germaniyadagi bir kompaniyadan bitta katta taklif kelib tushdi. Ular men bilan bog‘lanishdi hamda ular bilan masofadan turib ishlashimni taklif qilishdi. Natijada, men ular bilan bir necha yilga katta shartnoma imzoladim va hozirgi kungacha ular bilan ishlab kelmoqdaman. 18 yoshimda mening frilanser sifatidagi oylik daromadim 1000 evrodan ortiq mablag‘ni tashkil etardi”, - dedi qahramonimiz.

Frilans Lazizbek uchun asosiy daromad manbayi hisoblanadi.

U universitetdan bo‘sh vaqtlarida ishlaydi. Shuningdek, Lazizbek akasi Adizbek bilan birgalikda vaqt topib, dasturlashni o‘rgatadigan sayt ishlab chiqdi. Sayt robocontest.uz deb nomlanadi va hozirgi kunda uning 1 000 dan ortiq aktiv foydalanuvchilari mavjud. U yerda ular muammolarni yechishi, boshqa dasturchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishi hamda boshqa ko‘p narsalarni qilishi mumkin.

IT sohasida frilanser bo‘lish uchun qancha vaqt kerak?

Lazizbekning aytishicha, ba’zi dasturlash tillarini o‘rganish orqali mahsulotni bir hafta ichida yaratish mumkin. Ammo odamlarga yoqadigan aiq bir arziydigan narsalarni yaratish uchun ko‘p yillik tajriba talab etiladi. Lazizbek, boshqa sohalar singari dasturlashda ham hech qachon hamma narsani oxirigacha o‘rgana olmaysiz, deb hisoblaydi. Siz yangi narsalarni o‘rganganingizdan so‘ng ham hali o‘rganmagan ko‘plab yangi narsalar borligini tushuna boshlaysiz.

“Dasturchilar - umr bo‘yi yangi narsalarni o‘rganib boradi. Sababi ular har kuni yangi narsalar, yangi texnologiyalar, yangilanishlarni o‘rganib borishlari zarur. Bozorda katta talabga ega dasturchi bo‘lish uchun barcha yangilanishlar va yangi fishkalardan xabardor bo‘lishingiz kerak. Balki hammasini emas, hech bo‘lmaganda ishingizda sizga kerak bo‘ladigan narsalarni o‘rganishingiz shart”, - deya qo‘shimcha qildi Lazizbek.

Junior dasturchi bo‘lishni istaganlar uchun

Lazizbekning so‘zlariga ko‘ra, Junior dasturchisi bo‘lish uchun kamida dasturlash tillari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lish kerak. Ularni o‘rganishga uchun taxminan 4-8 oy ketadi.

Ammo bu raqamlar xolos, aslida hamma narsa odamning o‘ziga bog‘liq. Frilanser bo‘lish uchun, ehtimol ko‘proq vaqt talab etilar, chunki frilans nafaqat professional IT ko‘nikmalarini, balki marketing ko‘nikmalarini ham o‘z ichiga oladi, sababi yaxshi ish topish uchun siz o‘z xizmatlaringizni sotishni ham bilishingiz kerak, aks holda qiyin bo‘ladi, - deya qoshimcha ta’kidladi Lazizbek.

Lazizbekning bo‘lajak frilanserlarga beradigan 4 ta maslahati:

1. Ingliz tilini o‘rgan va uni onang singari hurmat qil.

Frilansda talab qilinadigan professional ko‘nikmalardan tashqari, ingliz tilini bilishingiz shart.

2. Sabr-toqatli bo‘l, soatlab koddagi xatolarni izlashga tayyor tur.

Dastlab dasturlash zerikarli bo‘lib tuyulishi mumkin, chunki kodda xatolarni qidirib, soatlab kompyuterda o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Dasturlash introvertlarga ko‘proq mos keladi, ammo agar siz juda ko‘p gapiradigan odam bo‘lsangiz, unda soatlab hech kim bilan gaplashmaslikka tayyor bo‘ling, ayniqsa masofadan turib ishlaganda.

3. Hozir boshla, keyinga qoldirma.

Boshlash uchun hozirdan yaxshi vaqt yo‘q. Loyihalar ustida ushlash orqali, o‘sib borasiz.

4. Mijozingizni umidlantirib qo‘ymang. Agar qila olmasangiz, qila olmasligingizni ayting.

Agar siz buyurtma olgan bo‘lgandan so‘ng va uni bajara olmasligingizni tushunsangiz, darhol mijozga qo‘lingizdan kelmasligini ayting. Mijoz xafa bo‘lmaydi, aksincha vaqtini behuda o‘tkazmagani uchun hursand bo‘ladi. Ha siz ham bundan hech narsani yo‘qotmaysiz.

Lazizbekdan dasturlash va frilansni o‘rganishga mo‘ljallangan platformalar to‘plami:

- http://medium.com;

- http://dev.to;

- http://habr.com;

- http://freecode.org;

- http://robocontest.uz;

- http://freelancehunt.com;

- freelance.ru;

- weblancer.net;

- http://upwork.com;

- http://toptal.com;

- http://freelancer.com.

Ayni paytda Lazizbek frilanser sifatida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yaqinda Lazizbek ustaxonadagi boshqa hamkasblari qatori Buxoro shahridagi IT Park filialida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Uchrashuv uni yanada ko‘proq ishlashga va kelgan joyida to‘xtab qolmaslikka ilhomlantirdi.

2021-01-28