Qarshidan chiqqan, ikki diplom sohibasi va bilimga chanqoq Madina Berdiyeva “ABB Lummus Global” kompaniyasining O‘zbekistondagi birinchi ofisidan “Shell” kompaniyasining Niderlandiyadagi bosh qarorgohigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U bugungi kunda ma’lumotlar sifatini boshqarish, raqamli strategiyalar va yirik loyihalarda sun’iy intellektni joriy etish bilan shug‘ullanadi. IT Park Uzbekistan va “The Tech” bilan suhbatda qahramonimiz karyerasi qanday boshlangani, Yevropaga qanday kelib qolgani, nima uchun “qiziquvchan va xushmuomala” bo‘lish zarurligi hamda nima uchun bugungi kunda O‘zbekiston IT sohasi — o‘sish mumkin va kerak bo‘lgan joy ekanligini so‘zlab berdi.
Madina Berdiyeva, Qarshi shahri — Ma’lumotlar va raqamli texnologiyalar bo‘yicha menejer, Shell, LinkedIn
O‘zim haqimda
Men Qarshida tug‘ilganman. Ikki yo‘nalish — filologiya va iqtisodiyot bo‘yicha imtiyozli diplom bilan ta’lim olganman. Keyinchalik Niderlandiya va Belgiyada “Enterprise IT Architecture” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichini ham imtiyozli diplom bilan tamomladim.
Ammo haqiqiy boshlanish 1999-yilda bo‘lgan. Men endigina universitetni bitirib, “ABB Lummus Global” kompaniyasining Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi qurilishidagi bo‘limiga ishga joylashdim. Oradan ikki yil o‘tib menga kompaniyaning Gaagadagi bosh ofisida ishlashni taklif qilishdi.
O‘sha paytda xorijiy kompaniyalarga, ayniqsa, qurilish obyektlariga qizlarning ishga kirishi juda mushkul edi. Chunki u yerda 4000 nafarga yaqin xorijiy erkak ishchilar ishlardi — butunlay erkaklar jamoasi.
Bundan tashqari, ish haftasi ertalab soat 07:00 dan 18:00 gacha, dushanbadan shanbagacha davom etardi. Har kuni qatnov avtobusida 150 km masofani bosib o‘tish va qaytish oson bo‘lmasdi. Men har kuni ertalab soat 4:00 da uyg‘onardim. Ish joyida oshxona bo‘lmaganligi sababli nonushta va tushlikni o‘zim bilan olib ketardim.
1999-yil aprel oyida men va kursdoshim ishga qabul qilingan birinchi qizlardan bo‘ldik. Men ingliz tilida bemalol so‘zlashardim, kompyuter ko‘nikmalariga ega edim. O‘sha davrda kompyuter ham, internet ham yo‘q edi. Shuning uchun o‘qish paytida “Windows”, “Excel” va “Word” dasturlarida ishlashni o‘rganish uchun kompyuter kurslariga qatnaganman. Bularning barchasi yangilik bo‘lib, bu ko‘nikmalarga ega bo‘lganlar kam edi. Birinchi oylik maoshimni dollarda oldim — $118. O‘sha paytlarda bu biz uchun juda katta pul edi.
ERP tizimini joriy etish va Yevropaga yo‘l ochilishi
Meni ta’minot bo‘limiga qabul qilishganda, yangi ERP tizimini joriy etish sharti qo‘yilgan edi. Jamoada hech kim undan foydalanishni bilmasdi — bu nemis dasturchilarining yangi ishlanmasi edi. Menga murakkab texnik hujjatlar to‘plami berildi va men buni o‘rganishga qaror qildim, chunki har doim mavzuga chuqur kirishilsa, hamma narsani tushunish mumkinligiga ishonardim.
Qo‘llanmalarni o‘qidim, Germaniyalik dasturchilar bilan ishladim, AQSh va Niderlandiyadagi hamkasblarimga savollar berdim. Asta-sekin tizimni o‘zlashtirib, bir vaqtning o‘zida logistika, materiallarni saqlash va inventarizatsiya qilish, shuningdek, subpudratchilarga yetkazib berish va hisobini yuritish bo‘yicha yangi biznes jarayonlarini ishlab chiqdim. Jamoani o‘rgatdim, jarayonlarni joriy qildim va har kuni KPI ko‘rsatkichlarini doskada e’lon qilib bordim — bu mening birinchi Dashboard’im edi.
Tizim orqali 450 ming tonna quvur materiallarini boshqardik. Men muhandislik, xarid va qurilishni boshqarish uchun ERP tizimining sinov versiyasini joriy qildim va u samarali ishladi. Keyinchalik kompaniya bu tizimni 6 million dollar evaziga sotib oldi. Men shunchaki o‘z vazifamni bajardim. Bu tizim bo‘yicha yagona mutaxassisga aylanib qolganimni o‘zim ham bilmasdim. Aynan shu narsa Yevropaga yo‘l ochib berdi.
Professional faoliyat yo‘li
Joriy yil mart oyidan beri ma’lumotlar va raqamli texnologiyalar bo‘yicha menejer lavozimida ishlayman. Bunga qadar deyarli 7 yil davomida “Shell” kompaniyasida yetakchi IT-arxitektor bo‘lib ishlaganman. IT-arxitekturadan ma’lumotlar, sun’iy intellekt va innovatsiyalar dunyosiga o‘tish — men uchun karyeramning yangi bosqichidagi ongli tanlov bo‘ldi.
Bu lavozimda men kompaniyaning asosiy vazifalari — ma’lumotlarni boshqarish va sun’iy intellektni joriy etish bilan shug‘ullanaman. Bu pozitsiya menga IT-arxitektor sifatida orttirgan tajribamni strategik fikrlash bilan uyg‘unlashtirish va biznes uchun qimmatli mutaxassis bo‘lish imkonini beradi.
“Enterprise IT Architecture” magistr darajasidan tashqari, men sertifikatlangan “Master Solution Architect” (The Open Group, 2-daraja) unvoniga egaman. Bu maqomga ega bo‘lgan dunyodagi atigi 900 nafar mutaxassisdan biriman.
Menda ajoyib ekspertlar jamoasi bor. Biz birgalikda raqamli va sun’iy intellekt strategiyasini ishlab chiqamiz va uni yirik loyihalar va muhandislik sohasida qo‘llaymiz. Ma’lumotlar sifatini yaxshilash va boshqarish, raqamli mahsulotlar yaratish, integratsiya, ma’lumotlarning qiymati va ahamiyatini aniqlash, yangi jarayonlar va arxitektura yechimlarini loyihalash bilan shug‘ullanamiz.
Niderlandiyadagi hayot
Men 24 yildan beri Niderlandiyada yashab, ishlab kelmoqdaman. Birinchi marta bu yerga 2001-yilda kelganman, bir yil ishladim, keyin esa xalqaro faoliyatim boshlandi: BAA (4 yil), Fransiya (1 yil), Rossiyadagi loyihalar, so‘ngra 2006-yilda qaytib, o‘shandan beri shu yerda doimiy yashayman.
Avvaliga madaniyatga ko‘nikish qiyin bo‘ldi — gollandlar o‘zbekistonliklarga qaraganda vazminroq. Ko‘pincha o‘zimni yolg‘iz his qilardim. Ammo vaqt o‘tishi bilan do‘stlarim paydo bo‘ldi, turli mamlakatlarda ishlash esa har qanday sharoitda tez moslashish va maqsadga erishishni o‘rgatdi.
Men Vatanim bilan aloqani saqlab qolganman: o‘zbek taomlarini pishiraman, farzandlarimga O‘zbekistonga bo‘lgan muhabbatni singdirganman, turmush o‘rtog‘im ham yurtimizni sevib qoldi. Ishonchim komilki, har bir joyning o‘z afzalliklari bor — asosiysi ularni ko‘ra bilishdir.
Yevropadagi raqobat haqida
Raqobat juda kuchli. Eng kuchli o‘yinchilar — Hindiston. Biroq bir nozik jihat mavjud: Yevropa va AQShda asosiy e’tibor faqat narxga emas, balki sifat va samaradorlikka qaratiladi. Biz, o‘zbekistonlik mutaxassislar, sifatli ishlashni bilamiz. Biz xushmuomala, bilimga chanqoq, tez moslashuvchan va muloqotga kirishuvchanmiz. Bu fazilatlar qadrlanadi.
Xorijiy kompaniyalardagi ish haqi
Maoshlar ancha yuqori. Eng asosiysi — o‘z qadringizni va bozordagi o‘rningizni anglash, shuningdek, nimani istayotganingizni oldindan bilish. Raqobatchilarni yaxshi bilish va maosh bo‘yicha muzokaralarda shunga yarasha harakat qilish muhim.
O‘zbekistondagi rivojlanish haqida
Vataningdan yaxshisi yo‘q! O‘zbekistonda rivojlanish mumkin va zarur. Biz globallashuv davrida yashayapmiz, O‘zbekiston iqtisodiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi, chegaralar yo‘qoldi. Ayniqsa axborot texnologiyalari sohasida davlat va kompaniyalar tomonidan ulkan imkoniyatlar taqdim etilmoqda.
Men 2001-yilda ketganman. O‘sha paytda juda ko‘p idoralardan o‘tmasdan mamlakatdan chiqib ketishning ham iloji yo‘q edi: ko‘plab to‘siqlarni yengib o‘tishimga to‘g‘ri kelgan. Ammo hozir, oradan shuncha yil o‘tgach ham, men Vatan haqida o‘ylayman. Agar o‘sha paytda bugungidek imkoniyatlar bo‘lganida, men hech qachon ketmagan bo‘lardim.
IT-mutaxassislar uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur choralar to‘g‘risida
Jahon bozori darajasidan past bo‘lmagan, munosib ish haqi to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratish muhim. Shuningdek, yosh mutaxassislar uchun loyihalar va uzoq muddatli karyera rejalari bo‘lishi kerak.
Ishonchim komilki, quyidagi sa’y-harakatlarning uyg‘unligi mahalliy IT-mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi:
O‘zbekistonda IT-sanoatining rivojlanishi haqida
Juda ko‘p narsalar o‘zgardi — va barchasi ijobiy tomonga. Bugun biz startap-ekotizimning jadal rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz: fintech’dan tortib agrotexnologiyalargacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarda rivojlanayotgan yangi IT-kompaniyalar faoliyat boshlamoqda.
Bu jarayonda davlatning roli beqiyos. Texnoparklar tashkil etilmoqda, soliq imtiyozlari joriy etilmoqda, tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Natijada bozor nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki investorlar uchun ham jozibador bo‘lib bormoqda.
Ta’lim sohasidagi yutuqlarni alohida ta’kidlamoqchiman. Dasturlash, ma’lumotlar bilan ishlash va boshqa IT-yo‘nalishlari bo‘yicha kurslar soni sezilarli darajada oshdi. Yoshlar sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, bu esa kuchli turtki bermoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro maydonda ham ko‘rinishni boshladi: mamlakatga xorijiy kompaniyalar kirib kelmoqda, ofislar ochilmoqda, hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu juda muhim ishora — ishonch ortmoqda.
Va, albatta, mamlakat ichidagi raqamlashtirish. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank tizimida raqamli yechimlar qanday joriy etilayotganini ko‘rib turibmiz. Bu hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, IT sohasini kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirmoqda.
Kelajak rejalari haqida
Barchasi insonning nimani ko‘proq istashiga bog‘liq: kimgadir ishlash yoki o‘z ishini yaratish. Asosiysi — o‘z orzu va istaklaringizga ergashish! Hozircha meni mavjud turmush tarzim qoniqtiradi, o‘zgarish kiritishni xohlamayman.
Yosh IT mutaxassislari uchun maslahatlar
2025-09-03