Raqamli texnologiyalar vazirligida Qatarning MBK Holding kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibida ijrochi direktor janob Avinash Deshpande, strategik rivojlanish direktori Yazen Kush hamda departament direktori Jasim Al Ejji ishtirok etdi.
Tashrif davomida mehmonlarga O‘zbekistonning rivojlangan raqamli infratuzilmasi tanishtirildi. Ular Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park va UZINFOCOM – yagona raqamli integrator faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Jumladan, MYID Vision va MYID Palm kabi biometrik identifikatsiya tizimlari hamda raqamli davlat boshqaruvi bo‘yicha ilg‘or yechimlar namoyish etildi.
Uchrashuvda raqamli ta’lim, startap, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish kabi sohaga tegishli bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.
MBK Holding — 1969‑yilda Dohada tashkil etilgan oilaviy tashkilot bo‘lib, raqamli texnologiyalar, yuqori texnologiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan. Kompaniya yosh tadbirkorlar va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga kuchli e’tibor qaratadi.
MBK Holding tomonidan quyidagi yo‘nalishlarga katta qiziqish bildirildi:
🔹 O‘zbekistonning raqamli ekotizimi va startaplariga investitsiya kiritish
🔹 Qatar raqamli yechimlarini integratsiya qilish
🔹 Qatardagi kompaniyalar uchun O‘zbekistondan IT mutaxassislarini yollash
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
2025-06-11