Qatarda “Uzbekistan Tech Conference” boʻlib oʻtdi

28-fevral kuni Qatar poytaxti Doha shahrida “Web Summit Qatar” xalqaro texnologiya konferensiyasi doirasida muhim voqea — “Uzbekistan Tech Conference” boʻlib oʻtdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park homiyligida Oʻzbekiston Respublikasining Qatardagi elchixonasi, “Uzinfocom” va “Uzum” kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil qilingan tashabbus IT sohasidagi koʻplab xorijiy vakillari eʼtiborini tortdi.

Konferensiya hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqaro kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha sheriklik aloqalarini oʻrnatish va mamlakatni yangi IT-autsorsing markazi sifatida tanitish uchun mahalliy kompaniyalarni jahon bozorida ragʻbatlantirishga qaratilgan edi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Qatardagi elchisi Ashraf Xoʻjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, IT Park bosh direktori oʻrinbosari Jahongir Rajabov, shuningdek, “Uzum” kompaniyasining operatsion direktori Roman Lavrentyev maʼruzachi sifatida qatnashdilar.

Mutaxassislar Oʻzbekistonning global ishbilarmonlik sohasidagi raqobatbardosh ustunliklari haqida gapirib, yosh va iqtidorli ishchi kuchini taʼkidladilar va mamlakatimizda oʻz vakolatxonalarini ochishga qaror qilgan kompaniyalar uchun yaratilgan istiqbollarni taqdim etdilar.

IT Park tarmogʻidagi startaplar — “Tass Vision”, “Sarmo” va “TopBrains” kabi IT-kompaniyalar rahbarlari ishtirokidagi panel sessiyasi tadbir qatnashchilarida alohida qiziqish uygʻotdi. Ular Oʻzbekistonda IT-biznesni yuritish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, mamlakatimizda sohaning jadal rivojlanishi haqida gapirib berishdi.

Tadbir yakunlari boʻyicha Qatardagi IT va BPO kompaniyalari vakillari Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini ochishga katta qiziqish bildirishdi. Bundan tashqari, ular 18-20-mart kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Offshore Outsourcing Tour” tadbirida ishtirok etish niyatida ekanliklarini bildirdilar.

Ular orasida IT Park rezidentlarining mahsulotlari, startap va loyihalarini alohida taʼkidlab, ularga sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan “Invest Qatar” tashkiloti ham bor. Qatarning “Tez Katar” va “Meeza” kabi dasturiy taʼminot ishlab chiqish boʻyicha taniqli kompaniyalari Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini ochish istagini bildirishdi.

Kompaniyalar eʼtiborini tortgan asosiy jozibador omillar qatoridan hukumatning IT va autsorsing sohalarini rivojlantirishga qaratayotgan eʼtibori, shuningdek, “Zero Risk” va “Regional Headquarters” kabi turli xil IT Park qoʻllab-quvvatlash dasturlari oʻrin olgan. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoning qoq yuragidagi strategik joylashuvi uning jahon investorlari uchun jozibadorligini yanada taʼkidlaydi.

“Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida rivojlanib borayotgan diplomatik munosabatlar nafaqat davlatlararo hamkorlikning poydevori, balki axborot texnologiyalari sohasida ham oʻzaro rivojlanish katalizatoriga aylanib bormoqda. Bugungi kunda, muvaffaqiyatli tashabbuslar fonida yaqin hamkorlikka intilish har ikki mamlakatning IT sohasini rivojlantirishda oʻz samarasini berayotganini koʻrmoqdamiz. Bu esa raqamli texnologiyalar sohasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlar davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini jadal rivojlantirish va mustahkamlashni qoʻllab-quvvatlashga qodir ekanligining yorqin namunasidir”, — dedi vazir oʻrinbosari Rustam Karimjonov.

2024-02-29