Qoraqalpogʻistonda “Skills4Girls” taʼlim loyihasi boshlanadi

IT Park UNICEF bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasining uchta tumani – Chimboy, Kegeyli va Qoraoʻzakda “Skills4Girls” taʼlim loyihasini ishga tushirmoqda.

Skills4Girls — bu 15-24 yoshdagi qizlar uchun raqamli savodxonlik, dasturlash va robototexnika boʻyicha bepul, keng qamrovli oʻquv dasturi.

Loyihaning asosiy vazifasi — qizlarning axborot texnologiyalari sohasidagi ishtiroki ulushini oshirish. Dastur ularga IT sohasidagi asosiy koʻnikmalarni oʻrgatish uchun moʻljallangan boʻlib, ishtirokchilarga kelajakda yuqori maoshli ishga joylashish imkoniyatini beradi.

Kurs oktyabrdan dekabr oyigacha davom etadi. Kurs doirasida Microsoft Office, dasturlash va robototexnika asoslarini oʻrganish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, loyiha ishtirokchilari frilans platformalar bilan ishlashni oʻrganadilar va murabbiylik yordamini oladilar.

Loyiha doirasida taʼlim olish bepul. Roʻyxatdan oʻtish 5-oktyabrgacha quyidagi havola orqali mavjud.

2023-09-26