Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri bilan raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 28–30 mart kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida “AlmatyFair.ai” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. 
Ko‘rgazma sun’iy intellekt (AI) sohasidagi innovatsiyalarni namoyish etish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va IT-kompaniyalar, startaplar hamda ekspertlar o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Davlat rahbarlari mazkur sohalardagi ilg‘or yechimlar va innovatsion ishlanmalar bilan tanishdi. Ushbu tashrif doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev bilan uchrashdi.

Vazirlar o‘rtasidagi muzokaralar davomida IT-sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli transformatsiya sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, IT Park Uzbekistan va AstanaHub o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish, jumladan, IT va AI yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion ekotizimni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, davlat sektorida raqamli yechimlar va sun’iy intellektni joriy etishda tajriba almashish takliflari berildi.

2025-03-30