Qozog‘iston Respublikasi Elchisining IT Parkʼga tashrifi

13-mart kuni IT Park Uzbekistan ofisiga Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamqulov va Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi atashesi Damir Kenjigariyev tashrif buyurishdi.

Mehmonlarni IT Park direktori Farhod Ibragimov, IT Park direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabov, Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Nigora Mirjalilova va Startap ekotizimlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Kagirovlar kutib oldi.

Kun tartibida taʼlim, tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek, startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.

Mehmonlarga IT Park faoliyati namoyish qilindi. Farhod Zairovich IT Park rezidentlik dasturi haqida gapirib, BPO sektori haqida umumiy ma’lumot berdi.

Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi O‘zbekistonda IT sohasi rivojlanishining ijobiy dinamikasini baholadi. U hukumat startap ekotizimini va umuman sanoatni rivojlantirish uchun to‘g‘ri yo‘nalishni tanlaganini ta’kidladi. Janob elchi tomonidan ta’lim sohasi va “One Million Uzbek Coders” va “Coursera” ta’lim platformasi kabi loyihalarga alohida qiziqish bildirildi. Bundan tashqari, Beybut Atamqulov joriy yilning may oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan BPO sammitiga qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda, shuningdek, TDT davlatlaridan Yevropa Ittifoqi va AQSH bozorlariga startap-loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish zarurati muhokama qilindi. Tomonlar IT Park va Astana Hub o‘rtasida Qozog‘iston hududlarida IT-markazlarni qurish hamda O‘zbekistonda startap loyihalari uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, startap loyihalari bo‘yicha qo‘shma seminarlar, treninglar, konferensiyalar, uchrashuvlar o‘tkazish taklif etildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha IT Park va Astana Hub rezidentlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tajriba almashish uchun qoʻshma platforma yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.

IT Parkʼga tashrifdan so‘ng, janob elchi Raqamli texnologiyalar vaziri Shermatov Sherzod Xotamovich bilan axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

2023-03-14