2-dekabr kuni IT Park Uzbekistanda Raqamli startaplar haftaligi start oldi. Tadbirlar ketma-ketligi “Demo Day President Tech Award” bilan ochildi, unda 54 ta startap jamoasi o‘zlarining innovatsion g‘oyalarini taqdim etib, finalga yo‘l olish uchun bellashdilar.
Tadbirni Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Tadbir hamkori sifatida “Plug and Play” ishtirok etdi.
54 ta jamoa o‘z startaplarini yetakchi kompaniyalar mutaxassislariga taqdim etdilar. Kun yakunida hakamlar hay’ati finalga o‘tgan 15 ta eng yaxshi jamoani (har bir toifada 3 tadan) aniqladi.
“Sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar” yo‘nalishida startaplarni “Impact Hub Yerevan” mentori va murabbiyi Sovinar Sofi Babayan, “Click” kompaniyasining ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha direktori Roman Dyakonov va “Aiphoria” kompaniyasining jamoasi rahbari hamda yetakchi ML-muhandisi Anna Andreeva baholadi. Taqdimotlar sessiyasi natijalariga ko‘ra “Speaklish”, “TASS Vision” va “Cradle” finalga yo‘l oldi.
“Ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar” yo‘nalishida startaplarni maslahatchi va mentor, “300brains.com” menejeri Yaroslav Dudko, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi professori, tadqiqot markazi direktori Mixail Sarev, Raqamli transformatsiya yetakchilik maktabi hammuassisi Dmitriy Grebenyuk baholadi. Finalga “BRAILLE RECOGNITION”, “Onlayn Hamshira” va “Stepogram” loyihalari o‘tdi.
“Kompyuter va mobil o‘yinlar” toifasini “InvenioGrowth” kompaniyasi venchur hamkori Lars Vestergard, “Doomers Entertainment” bosh direktori va asoschisi Firdavs Mamadxonov, “EVEGOPLAYON Studio” san’at bo‘limi rahbari Valentin Saranov baholadi. “Grimoire Entertainment”, “Gale-Force Entertainment” va “Fazliddin Games” finalga yo‘l oldi.
“WeTeh” hamkori Darko Duyich, “TechPro DC” kompaniyasi ijrochi direktori Ulug‘bek Artikov, “Team University” hammuassisi Hikmat Abdurahmonov startaplarni “Micro-SaaS va AdTech sohasidagi texnologik yechimlar” toifasida baholadilar. Natijalar bo‘yicha “OYGUL”, “StudentHunter” va “EduTizim” finalga chiqdi.
“Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar” yo‘nalishida startaplarni “FINGROW” hammuassisi va Yevropa investitsiya fondi kengashi raisi Martin Metodiyev Gikov, “JP Morgan Japan” sobiq vitse-prezidenti Saidaxror Burxanov, “STAN Advisory” hammuassisi va boshqaruvchi hamkori Dmitriy Saava baholadi. Finalga “Sug‘urta Bozor”, “Jobster” va “diip.uz” loyihalari o‘tdi.
Finalga chiqa olmagan jamoalar “Plug and Play” mutaxassislaridan fikr-mulohazalar olishadi, bu esa ularga o‘z startaplarini takomillashtirish imkonini beradi.
7-dekabr kuni startaplar uchun grand final bo‘lib o‘tadi. Tanlov g‘oliblari hakamlar hay’ati tomonidan aniqlanadi. Jamoalar sarmoya uchun bellashadi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 900 000 dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, Raqamli startaplar haftaligi doirasida O‘zbekistonda GameDevHQ akademiyasining ishga tushirilishi, “IT Park Ventures” fondining ochilishi va “Digital Startups” dasturi taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.
2024-12-03