Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida IT Parkning rezident kompaniyalari va Oʻzbekistonda birinchi bor quyosh energiyasi orqali ishlaydigan BPO markaz faoliyati bilan tanishdi.
Vazir rahbarligidagi ishchi guruh dastlab “GLOBAL FACTS CENTRAL ASIA” MChJ dasturchilar jamoasi faoliyati bilan tanishildi, shuningdek, kompaniyaning dasturiy mahsulotlar eksporti boʻyicha bajargan ishlari va jamoaning kelgusidagi rejalari tinglandi.
Maʼlumot uchun: “GLOBAL FACTS CENTRAL ASIA” MChJ tarkibida hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan 16 nafar IT mutaxassislar 50 dan ortiq loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlagan.
Shuningdek, Sherzod Shermatov IT Park rezidenti hisoblangan– “IT Park Surxandaryo” MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Asosiy yoʻnalishi AKT sohasida taʼlim berish xizmatlarini koʻrsatish boʻlgan ushbu korxona 2021-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda viloyatning barcha tumanlarida oʻquv markazlarini faoliyati yoʻlga qoʻyib ulgurgan.
Ushbu markazlarda IT sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun veb dasturlash, mobil dasturlash, grafik dizayn, robototexnika va veb dizayn boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilgan. 2022-yilda IT Park rezident sifatida roʻyxatdan oʻtgan mazkur korxonada hozirda 37 nafar yoshlar ish bilan taʼminlangan.
Bundan tashqari, Sherzod Shermatov yana bir rezident kompaniya -“TENX CODERS” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi.
Vazir tomonidan korxonaning IT-export hajmini oshirish va faoliyatini kengaytirish maqsadida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan “TENX Project” loyihasi doirasida tashkil etilgan 9 oylik dasturchilik kurslarini tamomlagan 150 nafar yoshlarning bugungi kunda ishga joylashgani va yuqori daromad topayotgani yuqori baholandi.
Ma’lumot uchun: “TENX CODERS” MCHJ 2023-yilda tashkil qilingan bo‘lib, IT Park rezidenti maqomini qoʻlga kiritgan. Ushbu IT kompaniya IT-outsoursing va IT-outstaffing asosida xorijiy mijozlar bilan ishlashga mo‘ljallangan.
Hozirgi vaqtda korxona dasturchilari moliyalashtirish sektorida bank tizimining “PerCapita” loyihasi ustida ish olib borish bilan bir qatorda, biznes investitsiya sohasini avtomatlashtirish uchun “Rapid Deligance” ilovasini ishlab chiqmoqda
Korxona jamoasi ta’lim yo‘nalishidan tashqari “TEDU” LLC, “HRS”, “PerCapita”, “Rapid Deligance”, “I am Future Wallet” va “Waves Music app” chet el kompaniyalari bilan dasturiy mahsulotlar va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha ham hamkorlik qilib kelmoqda..
Surxondaryodagi tashrif davomida Raqamli texnologiyalar vaziri IT Park filiallarini tashkil etish uchun taklif etilayotgan “O‘zbekiston Pochtasi” AJ Surxondaryo filiali binosi hamda Termiz shahri markazidagi binolar holati bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida filiallar barpo etilishi rejalashtirilayotgan binolarning maydoni, infratuzilmasi hamda kelgusidagi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, ishchi tashrif davomida Sherzod Shermatov IT Park va Huawei kompaniyasi hamkorlikda tashkil etilayotgan BPO markazini koʻzdan kechirdi.
Vazir Oʻzbekistonda birinchi bor quyosh energiyasi orqali ishlaydigan BPO markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur markazda 30 nafar yoshlar xorijiy mijozlarga BPO xizmatlarini koʻrsatishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, Termiz shahrida tashkil qilingan BPO markaz “Oʻzbektelekom” AK Surxondaryo filialining foydalanilmay turgan qismida tashkil qilingan boʻlib, 10 kW quvvatli quyosh energiyasi panellari bilan taʼminlangan.
Mazkur BPO markazlarini birgalikda ochish loyihasi AKT vazirligi va Huawei oʻrtasida 2022-yil mart oyida Barselonada erishilgan kelishuvlar doirasidagi hamkorlikning davomi, shuningdek, Huawei va IT Park oʻrtasida 2022-yil yanvar oyida imzolangan memorandumda belgilangan rejalarni amalga oshirishdan iborat.
Ishchi tashrif davomida vazir Sherzod Shermatov korxona va markazlarning masʼul vakillariga AKT sohasidagi istiqbolli loyihalarni qoʻllab- quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, ularning kelgusidagi rivojiga ishonch bildirdi
2023-03-15