“RFA” kompaniyasi Oʻzbekistonda IT-markaz ochmoqda

“Shared Services and Offshore Outsourcing Conference” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari hamda AQShning “RFA” kompaniyasi delegatsiyasi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

“RFA” kompaniyasi Oʻzbekistonda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtdi va hozirda Chirchiq shahrida “Zero Risk” dasturidan foydalanishga alohida qiziqish bildirib, IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olishga tayyorlanmoqda. “RFA” raqamli xizmatlarini xorijga eksport qilish uchun mahalliy isteʼdodli xodimlarni ishga olishni rejalashtirmoqda.

“RFA” 800 dan ortiq xej-fondlar, xususiy kapital kompaniyalari, aktivlarni boshqarish boʻyicha kompaniyalar va investitsiya menejerlari uchun keng qamrovli texnologik yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan. Taklif etilayotgan xizmatlar orasida bulutli yechimlar, IT-xizmatlarni boshqarish, kiberxavfsizlik, maʼlumotlar bilan ishlash, ilova xizmatlari va boshqariladigan aniqlash va javob berish tizimi mavjud. Kompaniya bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan boʻlib, butun dunyo boʻylab (jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Ispaniya, Fransiya, Hindiston, Singapur, Filippin va Yaponiyada) 15 ta ofisga ega va unda 300 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda “RFA” faoliyati uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida Oʻzbekiston hukumati tomonidan koʻrsatiladigan davlat koʻmagi va qoʻshimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

“RFA” bosh direktori Yoxan Kim Oʻzbekistonda mavjud imkoniyatlardan zavqlanib, mamlakatdagi texnologik laboratoriyalarga boʻlgan qiziqishini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston IT-loyihalarni autsorsing qilish maqsadida yangi operatsion ofis yaratish uchun ideal joy hisoblanadi. Kompaniya oʻzining birinchi loyihasini amalga oshirish uchun beshta asosiy lavozimni talab qildi va “IT Bilim” bilan hamkorlik tufayli Oʻzbekiston unga yuqori malakali mutaxassislarni yetkazib berdi, “RFA” kompaniyasining HR-boʻlimi esa bundan toʻliq mamnun.

Oʻzbekistonda IT-markazning ochilishi ikkala tomon uchun ham muhim qadamdir. Ushbu voqea Oʻzbekiston uchun IT-xizmatlar sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, mamlakatning eksport salohiyatini oshiradi va yangi ish oʻrinlarini yaratadi. “RFA” uchun yangi markaz Oʻzbekistonning qulay ishbilarmonlik muhitidan foydalangan holda mintaqaviy bozorga strategik kirish va IT-xizmatlar eksporti koʻlamini kengaytirishdan iborat.

2024-09-21