Samarqandda MDH mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir IT Park Uzbekistan, “AIJ”, “Huawei”, “Yandex”, “DataVolt” ko‘magida tashkil etildi va Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan 50 dan ortiq ekspertlar, soha yetakchilari, IT-kompaniyalar va davlat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi. Forum sun’iy intellektni rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Forumning ishbilarmonlik dasturi to‘rtta sessiyani o‘z ichiga oldi — sun’iy intellekt sohasidagi milliy strategiyalar, moliya, ta’lim, ijtimoiy soha va biznesda texnologiyalarni qo‘llash. Muhokamalarda “Yandex”, “Huawei”, “Astana Hub”, “School 21”, “IT Park University”, “Uzum Bank”, “Click” va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Ikkinchi kuni, shuningdek, “AI Horizons” forsayt sessiyasi o‘tkazildi, unda ishtirokchilar kelajakning istiqbolli texnologiyalari: multiagent tizimlar, generativ AI, o‘z-o‘zini o‘rgatuvchi arxitekturalar, kvant tezlashtirilgan modellar va boshqalarni muhokama qildilar.
IT Park Uzbekistan va “Angel Connect” tomonidan “AI Lab”, “AICA” va “School21” ko‘magida tashkil etilgan AI-hakaton finali markaziy tadbirlardan biri bo‘ldi. Saralash bosqichlarida 24 ta jamoani tashkil etgan 120 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Faqat 10 ta loyiha final bosqichiga chiqdi. Yosh dasturchilar, muhandislar va tadqiqotchilar jamoalari iqtisodiyot, ta’lim, davlat boshqaruvi va boshqa sohalardagi muammolarga javob beradigan o‘zlarining sun’iy intellekt yechimlarini taqdim etdilar. Forumning amaliy qismi ilg‘or texnologiyalarni namoyish etish va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash platformasiga aylandi.
Finalchilar orasida turli sohalarda amaliy qo‘llaniladigan loyihalar bor:
• LIMA — tashriflarni tayyorlash, mahsulotlar haqida ma’lumot qidirish va ovozli qaydlarni yuritishda yordam beradigan tibbiyot vakillari uchun AI-yordamchisi;
• EQUILIBRIUM — virtual murabbiy bilan jang san’ati bo‘yicha mustaqil mashg‘ulotlar uchun sun’iy intellektga ega mobil AR ilovasi;
• TASVIRCHI — oddiy interfeys, issiqlik xaritalari va hisobotlarni taklif qiluvchi dipfeyklarni aniqlash uchun korporativ AI-platformasi;
• ARCH — piyodalar va haydovchilarning o‘tish joylari va chorrahalardagi xatti-harakatlarini kuzatish uchun AI-kompyuter ko‘rish tizimi;
• MILA GPT — maktab o‘quvchilari uchun AI-repetitor;
• CALIBRA — qishloq xo‘jaligi uchun avtomatlashtirilgan diskret sug‘orish tizimi;
• TURAN TECH — moslashtirilgan sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish bilan Samarqand bo‘ylab AI-gid;
• KIMCHI DEVS — yordamchi, ma’lumotnoma, o‘lchash moduli va fleshkani birlashtirgan portativ AI-multitul.
AI hakatonining finali forumning ikkinchi kuni kechqurun bo‘lib o‘tdi. “EQUILIBRIUM”, “MILA GPT” va “LIMA”jamoalari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, hakamlar hay’ati “TASVIRCHI” jamoasiga istiqbolli loyihasi uchun maxsus “to‘rtinchi o‘rin” berishga qaror qildi. Barcha g‘olib jamoalar mentorlik yordami va o‘z yechimlarini xalqaro platformalarda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
G‘oliblarni startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor Elyor Maksudov, shuningdek, hakamlar hay’ati a’zolari: tadbirkor, podkaster, “Stanbase.tech” asoschisi, texnologik startaplarni ishga tushirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ekspert Umed Rahimov; “TDI Group” AI-kreativ agentligi direktori Sergey Shima; Samarqand viloyati hokimining IT bo‘yicha maslahatchisi Ansor Anvarovtaqdirladi. Sovrindorlar noutbuk, planshet va mobil telefonlar bilan mukofotlandi.
Forum O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro hamkorligini kengaytirish, bilim almashish va qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.
IT Park Uzbekistan uchun mazkur tadbir hamkorlik, sun’iy intellekt loyihalarini ilgari surish va mamlakatning MDH mintaqasidagi mavqeini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
2025-08-11