“SamIT Global” kompaniyasiga tashrif buyurildi

“Offshore Outsourcing Tour 2024” tadbiri doirasida ishtirokchilar “SamIT Global” kompaniyasining Samarqand shahridagi ofisiga tashrif buyurishdi. Logistika, IT-taʼlim va sugʻurta sohalariga ixtisoslashgan kompaniya tadbir qatnashchilariga o‘z ish jarayonlari bilan tanishish va kompaniya tajribasi toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun noyob imkoniyatni taqdim etdi.

Uchrashuvda “SamIT Global” bosh direktori Sanjar Saidqulov kompaniyaning IT sohasidagi yosh isteʼdod egalariga sifatli taʼlim va amaliy tajribadan foydalanish imkoniyatini taqdim etish vazifasini taʼkidladi. Shuningdek, bosh direktor kompaniyaning jahon bozoridagi strategik rivojlanishi va samarali hamkorlikka tayyorligini e’tirof etdi.

Muhokama chog‘ida mehmonlar kompaniyaning loyihalari, qoʻllayotgan texnologiyalari hamda ofis ochish uchun aynan Samarqand shahrini tanlashning afzalliklariga qiziqish bildirishdi. Ushbu muloqot oʻzaro anglashuvni shakllantirish va kelgusi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish uchun zamin yaratdi.

“Offshore Outsourcing Tour 2024” ishtirokchilari “SamIT Global” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish va autsorsing sohasida tajriba almashishga qiziqish bildirishdi. Bu esa kompaniya faoliyatining nafaqat mintaqa, balki global miqyosdagi ahamiyati va dolzarbligini tasdiqlaydi.

“SamIT Global” kompaniyasiga uyushtirilgan tashrif IT-autsorsing sanoatini rivojlantirish istagining bir qismi sifatida jahon ishbilarmon hamjamiyati va mahalliy kompaniyalar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning yorqin namunalaridan biriga aylandi.

2024-03-22