SAPning Markaziy va Sharqiy Yevropa boʻyicha direktori IT Parkga tashrif buyurdi

29-iyun kuni IT Parkga SAP’ning Markaziy va Sharqiy Yevropa boʻyicha direktori Tom Kindermans tashrif buyurdi.

Uchrashuvda IT Park bosh direktori maslahatchisi Bohodir Ayupov hamda IT Park direktorining tashqi faoliyat bo’yicha o’rinbosari Amaliya Ergasheva ishtirok etdi.  Mehmonga tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonning IT-kompaniyalarni rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyat va sharoitlarga ega mamlakat sifatidagi imidjini ilgari surish muhimligini muhokama qildilar.

Tom Kindermans taʼkidlaganidek, SAP uchun navbatdagi qadam Oʻzbekistonda tashkilot faoliyatini rasmiylashtirish va yuridik shaxs (tadbirkorlik subyektini) tashkil etishni mujokama qilishdan iborat.

Bundan tashqari, yig‘ilishda davlat kompaniyalari faoliyatining ochiqligi, korrupsiya darajasining pastligi masalalari haqida ham so’z bordi. Tomonlar SAP vakolatxonasi O‘zbekistonda IT sohasini sezilarli darajada rivojlantirishi, shuningdek, yirik texnologik kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi uchun turtki bo’lishi ta’kidlandi.

Uchrashuv so‘ngida mehmon uchun qurilayotgan IT-shahar hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.  Ofislar, turar-joy massivlari, sport majmuasi va IT-mutaxassislari uchun yaratilgan barcha qulayliklar bilan tanishib, bozor va uning yanada rivojlanishi haqida ijobiy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ma'lumot uchun: SAP 180 mamlakatda 440 000 dan ortiq mijozlarga ega bo'lgan korporativ ilovalar bozorida yetakchilardan biri hisoblanadi.

Kompaniya 2007-yildan buyon O‘zbekistonga o‘z texnologiyalarini yetkazib bermoqda.  Bugungi kunda kompaniyaning O‘zbekistondagi mijozlari asosan savdo, moliyaviy, shuningdek, telekommunikatsiya va qurilish kompaniyalari hisoblanadi.

2022-06-29