Seulda o‘tkazilgan uchinchi “Uzbekistan Outsourcing Conference” O‘zbekistonning Koreya uchun strategik IT-hamkori sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi

Yaqinda Seulda bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” Janubiy Koreya biznes yetakchilariga O‘zbekistonning jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan texnologiya sohasini namoyish etdi. Tadbir Janubiy Koreyaning 50 ta yetakchi texnologiya kompaniyasidan 75 dan ortiq ishtirokchilarni, jumladan, yuqori boshqaruv rahbarlari va asosiy qaror qabul qiluvchi shaxslarni o‘z ichiga oldi.

Shuni ta’kidlash joizki, mazkur anjuman 2024-yilda o‘tkazilgan uchinchi shunday tadbir bo‘lib, bu Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston bozori imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishi va talabi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Hamkorlikning bunday jadallashuvi O‘zbekistonning Koreya uchun texnologiyalar va autsorsing sohasida strategik hamkor va istiqbolli yo‘nalish sifatidagi o‘rnini mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.

IT Park Uzbekistan biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Rajabov konferensiyani ochar ekan, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning muhimligini alohida qayd etdi. U 2024-yilning uchinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistondan Koreyaga IT-xizmatlar eksporti 4,6 barobar oshganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Faxriddin Nabiyev IT Park erishgan yutuqlar va Koreya bilan qo‘shma loyihalar ko‘lami haqida batafsil axborot berdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu loyihalar kadrlar salohiyatini rivojlantirishdan tortib innovatsion loyihalarni amalga oshirishgacha bo‘lgan keng qamrovli texnologik yo‘nalishlarni o‘z ichiga olib, O‘zbekistonning global intilishlari va Koreyaning texnologik almashinuv sohasidagi strategik maqsadlarini aks ettiruvchi mustahkam poydevorni shakllantiradi.

“KIIIC” raisi Chong Ok Re o‘z nutqida O‘zbekiston IT-infratuzilmasining jadal rivojlanishi va yuqori malakali mutaxassislar soni ortib borayotganini alohida ta’kidladi. U O‘zbekistonning yosh va ko‘p tilli kadrlar zaxirasi mamlakatni autsorsing uchun ishonchli yechimlar izlayotgan Koreya kompaniyalari uchun jozibador yo‘nalishga aylantirayotganini qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekistondagi ta’lim tashabbuslari, jumladan Koreya bozori ehtiyojlariga yo‘naltirilgan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan “AKITA” loyihasini taqdim etdi. Bu esa texnologiyalar sohasida innovatsion hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochishini ta’kidladi. Janob Chong Koreya kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini, bu esa O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan raqamli ekotizimi bilan hamkorlik qilish istagini aks ettirayotganini alohida ko‘rsatib o‘tdi.

IT Park Uzbekistan bosh menejeri Nodirbek Berdikobilov O‘zbekistonning IT va autsorsing sohasidagi sezilarli yutuqlariga, davlat islohotlari va keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash dasturlari tufayli erishilganligiga e’tiborni qaratdi. Ushbu tashabbuslar ITES-kompaniyalarining o‘sishi va yangi bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoit yaratib, 0% soliq stavkalari va STEM ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yosh, yuqori malakali kadrlardan foydalanish kabi imkoniyatlarni taqdim etmoqda.

Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda biznes yuritish uchun jozibador sharoitlar haqida batafsil ma’lumot oldilar. Bu ma’lumotlar orasida 12 oy davomida bepul ofis maydonini taqdim etuvchi “Zero Risk” dasturi, ish haqi kompensatsiyasi va kasbiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash kabi imkoniyatlar mavjud bo‘lib, ular xalqaro kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozoriga kirish jarayonini sezilarli darajada osonlashtirmoqda.

Namangandagi IT Park rezidenti, “Nextree Co., Ltd” bosh direktori va “Nomadian” asoschisi Son Te Guk O‘zbekiston texnologik ekotizimining, ayniqsa, fintex (moliyaviy texnologiyalar) va raqamli xizmatlar kabi istiqbolli yo‘nalishlardagi ulkan salohiyatini aks ettiruvchi ilhomlantiruvchi muvaffaqiyat tarixi bilan o‘rtoqlashdi. U resurslarning arzonligi va malakali kadrlar zaxirasi kompaniya muvaffaqiyatining muhim omillariga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, ularning jamoalari nafaqat yuqori samaradorlikni namoyish etishini, balki ko‘p tilli ko‘nikmalarga ega ekanligini, bu esa ularga xalqaro miqyosda samarali hamkorlik qilish imkonini berishini alohida qayd etdi.

“I2Max” marketing jamoasi rahbari Kim Dong Xan o‘z jamoasining Osiyo va Yevropa bozorlarida IT-loyihalarni boshqarishdagi tajribasini ta’kidladi hamda O‘zbekistonning rivojlangan infratuzilmasi ularning faoliyatiga ko‘maklashayotganini aytdi. U, shuningdek, ularning markaziy ofisi hamkorlik uchun eng qulay sharoitlarni taqdim etayotganini, bu esa O‘zbekistonni ularning biznesi uchun strategik ahamiyatga ega bazaga aylantirganini qo‘shimcha qildi.

“BizData” (Ko Biz Alliance) bosh direktori Kim Te Jin “AKITA” va Yongnam universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni muhokama qilib, IT va muhandislik sohasidagi qo‘shma diplom dasturlariga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu hamkorlik o‘zbekistonlik talabalarga Koreya standartlari asosida ta’lim olish imkoniyatini taqdim etadi, IT sohasida qo‘shma tadqiqot va ishlanmalarni rag‘batlantiradi, ilmiy aloqalarni mustahkamlaydi hamda innovatsion hamkorlik uchun zamin yaratadi.

“Proxy Planet Co.” vitse-prezidenti Choi Sam-Xa O‘zbekistonning o‘yin sanoatini rivojlantirish uchun yangi markaz sifatidagi salohiyatini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning malakali mutaxassislari va qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilmasi ushbu sohaning o‘sishi va rivojlanishi uchun eng qulay sharoitlarni yaratmoqda.

IT Park rezidentlarining misollaridan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston texnologik kompaniyalari uchun innovatsion va qulay bozor sifatida tobora jozibador bo‘lib bormoqda, bu esa o‘sib borayotgan texnologik sohaning real hayotdagi ta’sirini yanada kuchaytirmoqda. Konferensiya O‘zbekistonning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi strategik joylashuvini ta’kidladi, bu esa uning madaniy moslashuvchanligini va Koreya kompaniyalari uchun biznes jozibadorligini oshiradi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning mintaqaviy IT-markazga aylanish borasidagi istiqboli bilan ilhomlanib, bir qator kompaniyalar o‘z faoliyatini O‘zbekistonga kengaytirishga qiziqish bildirdilar. To‘rtta Koreya kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda ofislar ochishga qiziqish bildirib, bozorga oson kirish uchun “Zero Risk” dasturidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Yana oltita kompaniya mamlakatda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Mazkur istiqbolli kompaniyalar o‘z faoliyatlarining birinchi yilida mahalliy mutaxassislar uchun jami 500 ta ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.

Konferensiya yaqinda o‘tkazilgan “ICT Week Uzbekistan” doirasidagi muvaffaqiyatli O‘zbekiston-Koreya hamkorligining davomi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston-Koreya IT-forumi texnologik yutuqlar, investitsiya imkoniyatlari va qo‘shma innovatsion loyihalarni muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi. Ushbu hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab, IT Park Uzbekistan yaqin kelajakda O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansini yanada mustahkamlash uchun Seulda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Yangi ofis B2B aloqalarni yo‘lga qo‘yishni yengillashtiradi va O‘zbekiston bozoriga kirishga intilayotgan Janubiy Koreya kompaniyalarini bevosita qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston global raqamli iqtisodiyotga qo‘shilishni davom ettirar ekan, Seulda o‘tkazilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” kabi tadbirlar mamlakatning afzalliklarini namoyish etish va xalqaro imkoniyatlarni kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Seuldagi IT Park vakolatxonasi va joriy qo‘shma tashabbuslar O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning texnologik sohalari birgalikda innovatsiyalarni rivojlantirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash imkonini beradigan istiqbolli kelajak uchun poydevor yaratmoqda.

2024-10-30