IT Park Uzbekistan “KOIIA” (Korean Association of Industrial Intelligence) bilan hamkorlikda Koreya kompaniyalari uchun mini-seminar oʻtkazdi. Tadbirda mamlakatimizning IT-sohasi va kadrlar salohiyatiga qiziqqan “Koreans Group”, “ICTC” va “OCU” kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
“KOIIA” — Janubiy Koreyadagi yirik IT va sanoat kompaniyalarini birlashtiruvchi yetakchi Koreya assotsiatsiyasi hisoblanadi. Assotsiatsiyaning maqsadi sanoatni rivojlantirish, yangi bozorlarga chiqish va biznesni kengaytirish uchun boshqa mamlakatlarning vakolatxonalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga yordam berishdan iborat.
Uchrashuv chogʻida koreyalik mehmonlarga Oʻzbekistonning IT sohasi va mamlakatda autsorsing ofislarini ochish shartlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berildi. Xorijiy kompaniyalarga viloyatlarda oʻz ofislarini ochish orqali Oʻzbekiston bozoriga strategik yoʻqotishlarsiz kirish imkonini beruvchi “Zero Risk” dasturiga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, seminar ishtirokchilari mamlakatimizda autsorsing biznesi uchun yaratilgan soliq imtiyozlari va Oʻzbekistonning koreys tilini biladigan malakali IT-mutaxassislariga qiziqish bildirishdi. “Koreans Group” boʻlim direktori Kim Xyong Kuk va “OCU” kompaniyasining raqamli biznes boʻlimi rahbari Im Yoo Shin Oʻzbekistondagi isteʼdodlar uchun ofis ochish va ish oʻrinlarini yaratish maqsadida universitetlarda IT-mutaxassislarni tayyorlash jarayoni haqida maʼlumot soʻrashdi.
“ICTC” kompaniyasi vakili janob Choe Kihyung avtomobilsozlik sanoati uchun texnologik yechimlarni ishlab chiqishga va Oʻzbekistonning avtomobillarni innovatsion xizmatlar bilan jihozlash uchun yangi mahsulotlar yaratishga tayyorligiga qiziqish bildirdi.
Mehmonlar mamlakat hududida ofis ochishning barcha shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida yaqin kelajakda Oʻzbekistonga shaxsan tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ularning barchasi 24-iyul kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Global Business Services Forum” tadbiriga taklif qilindi.
Oʻzbekiston autsorsing sohasida biznesni yoʻlga qoʻyish uchun mamlakatimiz bozoriga tobora koʻproq koreys kompaniyalarini jalb qilgan holda, jadal surʼatlar bilan Osiyo bozoridagi oʻz mavqeyini mustahkamlamoqda. Bu hukumat tomonidan IT-sohasini liberallashtirish hamda respublikaning eksport salohiyatini oshirish va Oʻzbekiston fuqarolari uchun yuqori haq toʻlanadigan yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan “Digital Uzbekistan – 2030” strategiyasini malakali amalga oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligidan dalolat beradi.
2024-06-21