Shveytsariyada O‘zbekiston nomidan ishtirok etadigan robototexniklar jamoasi aniqlandi

3-sentabr kuni “Astrum” IT akademiyasida robototexnika bo‘yicha eng yirik tanlovlardan biri “FIRST Global Challenge 2022” respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

G‘alaba uchun kurash qizg‘in kechdi. Bahslarda O‘zbekistonning 11 viloyatidan 30 ta jamoa qatnashdi.

Ta’kidlash joizki, jamoa 3-4 talabadan iborat bo‘lishi mumkin. Jamoa a’zolari yoki katta yoshdagi texnik murabbiylar soni esa cheklanmagan. Ayni paytda, rasmiy vakolat ishonchnomalari ko‘pi bilan to‘rt nafar talabaga va bir nafar katta murabbiyga beriladi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:

• 1-o‘rin: “Robots and me kids” – Buxoro;

• 2-o‘rin: “RoboUp” – Toshkent;

• 3-o‘rin: “Robots and me” – Buxoro.

Endilikda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa 2022-yil 13-16-oktabr kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadigan “FIRST Global Challenge” musobaqasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.

Ma’lumot:

“FIRST Global Challenge”— har yili turli mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro robototexnika tanlovi.

“FIRST Global” har bir mamlakatni musobaqa uchun robot yaratish va uni dasturlash uchun jamoa yuborishni taklif qiladi. Bellashuvlar davomida dunyoning turli burchaklaridan kelgan yoshlar o‘zaro fikr almashish va hamkorlikni rivojlantirish orqali eng dolzarb muammolardan birini hal qilish ustida bosh qotiradilar.

2022-09-06