Silikon vodiysidagi Oʻzbekiston startaplari: treninglardan “Silicon Valley Winter Summit” da investorlar bilan uchrashuvlargacha

29-noyabrdan 7-dekabrgacha Markaziy Osiyodan toʻqqizta, jumladan 5 ta Oʻzbekiston startaplari “FoundHer Central Asia” loyihasi doirasidagi “Innovation Journey” oʻquv dasturi hamda “Plug and Play” tomonidan har yili Silikon vodiysida oʻtkaziladigan “Silicon Valley Winter Summit” tadbirida ishtirok etishdi.

Ushbu tashabbus Oʻzbekistondagi “Plug and Play” hamkorlari — Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, Aloqa Bank, shuningdek, “FoundHER” tashabbusi hamkorlari — “USAID FGI” va “UNDP Uzbekistan” ning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli amalga oshirildi.

Delegatsiya ishtirokchilari orasida “Realt24”, “Growy Me”, “Stemio”, “Dalatek”, “Botifi”, “Finagers”, “Easy Step”, “AIDentis”, “Cafem cosmetics”, “CyberNet”, “HyperApp”, “Oq Ot”, “Fibo Cloud” va “Ongila” startaplari bor edi. Sammit davomida ular ilgʻor innovatsiyalarni faol oʻrganishdi, muhokamalar va netvorking sessiyalarida ishtirok etib, turli sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanish uchun zarur boʻlgan bilimlarni oshirishdi.

Tashrif doirasida startaplar Silikon vodiysidagi “Plug and Play” shtab-kvartirasiga tashrif buyurishdi va u yerda taʼlim olish, netvorking va oʻz loyihalarini venchur investorlarga taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Sayohat tajribali murabbiylar va “Plug and Play” jamoasi tomonidan olib borilgan intensiv treninglardan boshlandi. Ishtirokchilar mashhur Stenford universitetiga ham tashrif buyurib, universitetning startap klub aʼzolari bilan tajriba almashishdi.

Shuningdek, delegatsiya Palo Alto shahrida joylashgan “Silkroad Innovation Hub” — Markaziy Yevroosiyo startaplari asoschilari uchun Silikon vodiysidagi jamoat maydoniga tashrif buyurdi, uning vazifasi yangi raqamli Ipak yoʻlini yaratish va mintaqaning isteʼdodlarini jahon sahnasida targʻib qilishdir.

Tashrif davomida saralangan uchta startaplar oʻzlarining innovatsion gʻoyalarini “Silkroad Innovation Hub” venchur investorlari va tadbirkorlariga taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Taqdimot yakunlangandan soʻng, ishtirokchilar oʻrtasida netvorking-sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Treninglar yakunlangach, delegatsiya 5-7 dekabr kunlari boʻlib oʻtgan va butun dunyo boʻylab 3000 dan ortiq startap ekotizim ishtirokchilarini birlashtirgan “Plug and Play Silicon Valley Winter Summit” tadbirida ishtirok etdi. Sammit texnologiyalar olamida fikr almashish, netvorking va manfaatli aloqalarni shakllantirish uchun platforma boʻlib xizmat qildi.

Oʻzbekistonlik startaplar sanoatning soʻnggi tendensiyalari bilan tanishish, salohiyatli investorlar bilan uchrashish va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

“Plug and Play” kompaniyasining Oʻzbekistondagi boshqaruvchi direktori Feliks Lammers:

“Biz Oʻzbekiston delegatsiyasining Kaliforniya oʻtkazilgan “Silicon Valley Winter Summit” tadbiridagi ishtirokidan mamnunmiz. Ularning faol ishtiroki innovatsiyalarni ragʻbatlantirishda global hamkorlikning kuchini taʼkidlaydi. Biz bunday aloqalarni yanada rivojlantirish va Oʻzbekiston startap ekotizimining oʻsishini qoʻllab-quvvatlash niyatidamiz”.

“Plug and Play Silicon Valley Winter Summit 2023” global texnologiyalar sanoatidagi oʻzgarishlarni ilgari suruvchi kuch boʻlib, innovatsiyalar, hamkorlik va imkoniyatlar markazi ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

2023-12-22