“Simplify VMS” kompaniyasi Oʻzbekistonning autsorsing salohiyatini oʻrganishga qiziqish bildirmoqda

AQShga uyushtirilgan xizmat safari chogʻida IT Park bosh direktori maslahatchisi Ahmad Abulezz va Shimoliy Amerika boʻlimi rahbari Sultonmurod Rasulovlardan iborat IT Park delegatsiyasi “Simplify VMS” kompaniyasi bosh direktori Manoj Aggarval bilan muzokaralar olib bordi.

Shtab-kvartirasi Qoʻshma Shtatlarda joylashgan “Simplify VMS” kompaniyasi VMS/TTM platformalarini yaratish va mijozlarga ilgʻor HR-yechimlarini taqdim etishga ixtisoslashgan. Kompaniya 25 million dollardan ortiq daromadga ega boʻlib, AQSh, Hindiston va Buyuk Britaniyada davlatlarida joylashgan toʻrtta global ofisda 500 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi.

IT Park delegatsiyasi Oʻzbekistonning iqtidorli kadrlar salohiyatini va texnologik autsorsing kompaniyalari tomonidan talab yuqori boʻlgan koʻnikmalarni rivojlantirishga tayyor boʻlgan koʻplab IT-universitetlarni namoyish etdi. Shuningdek, ular rivojlangan infratuzilma hamda kompaniyalarga Oʻzbekistonda hech qanday xavf-xatarlarsiz oʻz faoliyatini boshlashga yordam berishga qaratilgan IT Park tomonidan taklif etilayotgan qoʻllab-quvvatlash dasturlari haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Natijada tomonlar Oʻzbekistonlik 10-15 nafar mutaxassis ishtirokida tajriba loyihasini ishga tushirishga kelishib olishdi. Manoj Aggarval yuqori malakali texnik mutaxassislarni ishga qabul qilib, birinchi jamoani shakllantirgandan soʻng Oʻzbekistonda ofis ochishga qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, Manoj janoblari 24-iyul kuni Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Global Business Services Forum” tadbiriga taklif qilindi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistondagi IT-xizmatlar va SaaS eksportining 45 foizdan koʻprogʻi ayni paytda Amerika bozoriga yoʻnaltirilgan boʻlib, bu AQSh va Oʻzbekistonni texnologiyalar sohasidagi kuchli hamkorlarga aylantiradi va Oʻzbekistonning kadrlar zaxirasi sifatini tasdiqlaydi. Mazkur uchrashuv yana bir AQSh kompaniyasining Oʻzbekiston bozoriga kirishi uchun yangi imkoniyatlarni ochib, mamlakatimizning autsorsing jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

2024-06-14