Sirdaryo viloyatida IT Voice yangi BPO-markazi ish boshladi

17-noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida “IT Voice” BPO-markazi ochildi.

Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, Raqamli texnologiyalar vazirligi hududiy boʻlinmasi va tizimning hududiy tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbirni ochib berar ekan, Akmaljon Mahmudaliyev yangi “IT Voice” markazi oʻz oldiga bir nechta asosiy maqsadlarni qoʻyganini alohida taʼkidladi. Sirdaryodan AQShga IT va logistika xizmatlarini eksport qilish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, IT-xizmatlar eksporti hajmini oshirish va viloyat yoshlarini ish bilan taʼminlash shular jumlasidandir. Ayni paytda markazda 30 nafar yosh mutaxassis ish bilan taʼminlangan boʻlib, yaqin kelajakda ularning sonini 60 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

“IT Voice” kompaniyasi rahbari Javlonbek Hamidjonga IT Park rezidenti sertifikati topshirildi. Tadbir davomida IT Park rezidentlari va yosh dasturchilarning startap loyihalari ham taqdim etildi va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish masalalari boʻyicha muhokamalar oʻtkazildi. Kelgusida viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham shunga oʻxshash markazlarni tashkil etish taklif qilindi.

Eslatib oʻtamiz, IT Park BPO-kompaniyalarga roʻyxatdan oʻtish, ofisni qidirish va jihozlash va xodimlarni tanlashda yordam beradi. Bundan tashqari, IT Park birinchi olti oy davomida imtiyozli ijarani taqdim etadi, shuningdek, kerak boʻlganda, davlat idoralari bilan aloqa oʻrnatishda yordam beradi.

2023-11-20