“StaffVirtual” oʻz faoliyatini kengaytirmoqda: Oʻzbekistonda ofis ochilishi

IT Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov “StaffVirtual” kompaniyasi bosh direktori Ayk Edvard Stranatan bilan muzokaralar olib bordi.

“STAFFVIRTUAL” 250 million AQSh dollar miqdordagi aylanma va 1500 nafardan ortiq xodimlarga ega autsorsing sohasidagi ilgʻor kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Kaliforniya va Filippinda oʻz ofislariga ega boʻlib, arzon narxlarda autsorsing xizmatlari va bek-ofis biznes yechimlarini taqdim etishga ixtisoslashgan. Dunyodagi 500 ta eng yirik autsorsing kompaniyalari reytingida “STAFFVIRTUAL” 212-oʻrinda turadi.

Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlangan holda “STAFFVIRTUAL” kompaniyasining Oʻzbekistondagi ofisi ochilishini muhokama qilish edi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistondagi texnologik kompaniyalarning operatsion faoliyatini, jumladan infratuzilma, soliq va huquqiy masalalarni soddalashtirish maqsadida Oʻzbekiston IT sohasida tashkil etilayotgan shart-sharoitlar muhokama qilindi. Shuningdek, “STAFFVIRTUAL” va mahalliy kompaniyalar oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Oʻzbekistonda “STAFFVIRTUAL” kompaniyasi ofisining ochilishi mamlakat IT-sanoatini rivojlantirish va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi. Kompaniya allaqachon mamlakatda yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza topshirdi va bu orqali innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va Oʻzbekistonga xalqaro investitsiyalarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

2024-05-07