Stanford va Silikon vodiysi mutaxassislari ishtirokidagi seminar 400 ga yaqin ishtirokchini jamladi

30-sentyabr kuni “School 21” kampusida Stanford va Silikon vodiysidan kelgan jahon ekspertlari ishtirokida seminar o‘tkazildi. Tadbir “School 21” tomonidan IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda texnologik kompaniyalar, startaplar vakillari, talabalar va yosh mutaxassislardan iborat 400 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Tadbir davomida ishtirokchilar soha yetakchilari bilan shaxsan muloqot qilish, savollar berish va fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Stanford va Silikon vodiysidan kelgan jahon ekspertlarining ma’ruzalari

Andrea Keys — innovatsiyalar bo‘yicha xalqaro maslahatchi, “Find Your Next” kitobi va “Get To Next” metodologiyasi muallifi, Silikon vodiysidagi SaaS-kompaniyasi sobiq bosh direktori. U global korporatsiyalar bilan ishlab, ularga innovatsiyalarni joriy etish va biznesni kengaytirishda ko‘maklashadi.

U “Strategies for Driving Innovation and Scaling Businesses” mavzusida ma’ruza qildi hamda innovatsiyalarni joriy etish va biznesni kengaytirish strategiyalariga batafsil to‘xtalib, barqaror o‘sish uchun kompaniyalar nafaqat yangi texnologiyalarni joriy etishlari, balki bozor o‘zgarishlariga moslashish imkonini beruvchi jarayonlarni ham yo‘lga qo‘yishlari zarurligini ta’kidladi.

Jeff Kabili — muloqot va taqdimot bo‘yicha ekspert, “Stanford Continuing Studies” o‘qituvchisi, “How2Captivate” loyihasi asoschisi. U “Google” va “Netflix” kabi yirik kompaniyalarning tadbirkorlari va yuqori boshqaruv xodimlariga samarali taqdimot va hikoya qilish ko‘nikmalarini o‘rgatadi.

U o‘z nutqida “Effective Communication and Pitching Skills” mavzusini yoritib, loyihani to‘g‘ri taqdim etish, auditoriya e’tiborini ushlab turish hamda hamkorlar va investorlar bilan ishonchli munosabatlar o‘rnatishga alohida e’tibor qaratdi.

Timoti Li — “iCapital” investitsiya kompaniyasining boshqaruvchi direktori bo‘lib, u yerda korporativ rivojlanish, M&A bitimlari va kapital jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi. U AQSh va Osiyoda xalqaro investitsiyalar va bitimlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta tajribaga ega.

U “Crunchbase Workshop: Investor Targeting and Market Research” mavzusida taqdimot o‘tkazib, startaplarni investorlar uchun jozibador qiladigan omillar haqida so‘zlab berdi. Li jamoa, biznes-model va kengaytirish salohiyatining ahamiyatini ta’kidlab, xalqaro investorlarga loyihani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qilish imkonini beruvchi mezonlarni tushuntirdi.

Seminar davomida mutaxassislar nafaqat o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, balki yosh tadbirkorlarga startaplarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlar bilan muvaffaqiyatli aloqalarni o‘rnatishga yordam beradigan amaliy tavsiyalar ham berdilar.

Seminar mahalliy startap asoschilari va xalqaro ekspertlar o‘rtasida bilim va tajriba almashish uchun muhim maydonga aylandi. Ishtirokchilar soha yetakchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollar berish, ularning hikoyalaridan ilhomlanish va o‘z rivojlanishlari uchun g‘oyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bunday tashabbuslar mamlakatning innovatsion ekotizimini shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shib, mahalliy startaplar uchun yangi istiqbollarni ochadi va O‘zbekistonning jahon IT-maydonidagi o‘rnini mustahkamlaydi.

2025-10-02