“Startup Story” rukni doirasida turli loyihalarning yaratilish tarixi haqida hikoya qilishda davom etamiz. IT Park'ning bugungi mehmoni “Where to go” loyihasi asoschilaridan biri Artur Imamutdinov.
Artur 22 yoshda. U frontend dasturchisi sifatida faoliyat olib boradi. Hikoyamiz qahramoni aytganidek, loyihani ishga tushirish g'oyasi kutilmaganda paydo bo'lgan.
“Joriy yilning mart oyida biz “ASTRUMHACK 2022” xakatonida ishtirok etdik. Xakaton qoidalariga ko'ra, ishtirokchilar kichik jamoalarga birlashib, o'z loyihalarini o'ylab topishlari kerak edi. Keyin jamoamiz bilan o'ylab qoldik: shunaqa startap yaratsak-chi?! "Where to go" loyihasi shu tariqa paydo bo'ldi.”
"Where to go" - bu foydalanuvchilarga xohishlariga qarab tadbirlar yoki joylarni topish imkonini beruvchi servis.
Jamoa 4 kishidan iborat bo'lib, har birining o'z vazifasi bor–backend dasturchi, ikkita frontend dasturchi va loyiha menejeri.
“Telegram-bot va kanalni test rejimida ishga tushirdik. Bizning xizmatimiz sayyohlar va faol hayot tarzini afzal ko'radigan odamlar uchun mo'ljallangan. Xizmat yangi joyga moslashishga yordam beradi”.
Arturning so'zlariga ko'ra, startap odamlarni birlashtirish va ular orasida o'z o'rnini topishga ko'mak beradi.
Loyiha jamoasi foydalanuvchilar bo'sh vaqtlarini qanday o'tkazishlarini tanlashlari uchun birinchi navbatda qiziqish uyg'otadigan tadbirlarni yoritishga intiladi.
“Loyiha hali yosh bo'lishiga qaramay, maqsadlarimiz ulkan. Biz har bir inson o'zini qiziqtirgan narsani topishiga, hamfikrlar doirasini shakllantirishiga yordam beramiz. Bu yangi tanishlar orttirishning ajoyib usuli hamdir”.
Hikoyamiz qahramoni ta’kidlashicha, jamoa startapni rivojlantirish uchun mablag' olmagan.
“Loyihaning paydo bo'lganidan boshlab uncha ko'p vaqt o'tmadi. Barcha e'tibor ishga tushirish jarayoniga qaratildi, shuning uchun investitsiya haqida o'ylamadik. Lekin hozir biz AloqaTechLab inkubatorida ishtirok etmoqdamiz va ishonamizki, bu platforma biz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi”.
Endilikda jamoa personalizatsiya ustida faol harakat qilmoqda va kelajakda super ilova yaratishni rejalashtirmoqda.
“Boshqa startaplar singari biz ham o'z oldimizga aniq maqsad qo'yganmiz. Loyihamiz intilayotgan keyingi bosqich - bu biz yaratgan xizmat yordamida tadbirlarni tashkil qilish va ushbu jarayonni osonlashtirish”.
Arturning “Yangilar” uchun maslahati –hech qachon taslim bo'lmaslik.
“Startapchilarda hatto eng ilg'or g'oyalarini ham amalga oshirishdan voz kechish fikri bo'lgan deb o'ylayman. Lekin qiyinchiliklarga qaramay, ular o'zlarini sinashda, belgilangan maqsad yo'lida davom etaverishgan. Bu muhim. Yodingizda tuting: doim o'zingizga ishoning va hech qachon orqaga chekinmang!”
2022-08-25