Startup Story: Sayohat ixlosmandlari uchun mo’ljallangan loyiha qanday yaratildi?

“Startup Story” rukni ostida qiziqarli startaplar bilan tanishtirishda davom etamiz. Bu galgi mehmonimiz Amal Yoqubov va uning “Utour” loyihasi.

Amal 18 yoshda. U Inha Universitetining kompyuter va dasturiy muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha 2-kurs talabasi. Qahramonimiz, shuningdek, Inweb.uz kompaniyasida UI/UX dizayneri va front-end dasturchi sifatida ishlaydi.

Barchasi nimadan boshlandi?

Rubrikamiz mehmoni aytishicha, turizm sohasidagi mavjud muammolar startap ochishga undagan.

“Men hamfikrlar jamoasi bilan hududlarda gid va turistik yo‘nalishlarni topish muammosiga duch keldik. Ma’lum bo‘lishicha, turoperatorlarning katta sa’y-harakatlariga qaramay, mamlakat hududlarida bo‘sh vaqtni o‘tkazish va umuman, ko‘ngilochar dasturlar u qadar faol rivojlanmagan. Keyinroq o‘yladik: qanday qilib kamchiliklarni to‘g‘rilab, xorijlik va mahalliy sayohatchilarga O‘zbekistonning go‘zalligi, boy tarixini ko‘rsatish mumkin?”.

“Utour” – O‘zbekistonda dam olishni o‘z qiziqishlaringizga qarab rejalashtirish imkonini beruvchi mobil ilova (faol dam olish, tarix, sarguzasht, milliy taomlar, xaridlar, mahorat darslari va boshqalar) shu tariqa dunyoga keldi.

Xizmatdan foydalanish oson: onlayn platformada sayyoh o‘z yo‘nalishini yaratishi, sayohat, ekskursiyani bron qilishi, shuningdek, gid va haydovchini topishi mumkin bo‘ladi.

“Biz sayyohlik agentliklari va Turizmni rivojlantirish instituti mutaxassislari bilan suhbatlashdik. Bizning jamoamiz bu odamlarning barchasidan juda minnatdor, chunki ular bizga mavjud bo'lgan ma'lumotlardan to'liq mahsulot yaratishga yordam berishdi. Ularning yordami bilan startap dunyoga keldi. Hozircha bu faqat mobil ilova, lekin biz saytni ishga tushirish ustida ham ishlayapmiz”.

Loyiha hozirda 5 kishidan iborat bo‘lib, ularning har biri jarayonga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

• Kristina Smorodina - 10 yildan ortiq tajribaga ega Toshkentning taniqli turoperatori va revizor, turizm sohasini tushunishga yordam beruvchi mutaxassis, g‘oyaviy ilhom parisi;

•Yelena Kim – b2b bozorida 15 yillik tajribaga ega. Kompaniya ta’sischisi. 3 ta brendning (Germaniya, Rossiya, Ukraina) O‘zbekistondagi distribyutori;

• Ilya Kolovatov – ta’sischi, Inweb.uz raqamli agentligi asoschisi va jamoaning asosiy motivatori;

• Saidjon Xaydar-Zade – tahlilchi va marketolog, statistika nimaligini va uni to‘g‘ri boshqarishni biladigan shaxs;

• va Amal - loyihaning dizayneri va hammuassisi.

Loyiha mamlakatga/xalqqa qanday yordam beradi?

Amal ta’kidlashicha, g‘oyani ishlab chiqish va startapni ishga tushirish jarayonida biroz qiyinchiliklar bo‘lgan.

“Har qanday tashabbusning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ammo agar siz aniq yo‘l xaritasini belgilab olsangiz va aniq rejaga amal qilsangiz, barcha qiyinchiliklarni yengishingiz mumkin. Asosiysi, xatolaringizni o‘z vaqtida payqash, ularni qanday tuzatish mumkinligini o‘ylash, taslim bo‘lmaslik va hayot bergan sinovlarni yengib o‘tish muhim”.

Hozir “Utour”da ishlar qizg‘in. Loyiha, yosh bo‘lsa-da, istiqbolli va dolzarbdir. Startapning maqsadi - ichki va tashqi turizmni rivojlantirish. Bu mamlakatga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish va aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga yordam beradi.

“O‘zbekiston me’moriy obidalar xazinasi, qadimiy shaharlar markazi, afsonaviy Ipak yo‘lining markazlaridan biridir. Bularning barchasi, shubhasiz, har yili juda ko‘p sayyohlarni jalb qiladi. Agar biz ular uchun madaniyat bilan tanishish va O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishni imkon qadar osonlashtiradigan mahsulot yarata olsak, sayyohlar soni yanada oshadi”.

Startapni rivojlantirish nima zarur?

Amal ta’kidlaganidek, jamoa loyihani ishlab chiqish uchun hali mablag‘ jalb qilmagan.

“Startapni rivojlantirish uchun mablag' olinmagan. Bizning birinchi qadamlarimiz AloqaTechLab va IT Park bilan qo'yildi, buning uchun biz juda minnatdormiz. Hozir inkubatsiya dasturida ishtirok etmoqdamiz, hamkorlikka va AloqaVentures startapga kelgusida sarmoya kiritishiga umid qilamiz”.

Odamlar kundan-kun bu kabi loyiha mavjudligi haqida bilib, uning kelajagi bilan qiziqmoqda.

“Hali qiladigan ishlarimiz ko'p, oldinda juda ko'p qiyinchiliklar va xatolar bor, ammo busiz o'sish bo'lmaydi. Bizning jamoamiz yuksak maqsadlar sari olg'a intilmoqda. Doimiy ravishda “Utour”ni reklama qilish ustida ishlayapmiz. Loyiha saytini ishga tushirishga e’tiborimizni qaratmoqdamiz va tez orada xalqaro bozorga chiqishga umid qilamiz”.

Yosh startapchilarga Amal “o'z g'oyangizga ishoning” deya maslahat beradi.

“Agar qilayotgan ishingizga ishonchingiz bo'lmasa, unda uni nega qilyapsiz?! Ko'zlaringiz “yonib turishi” kerak, ayni paytda hamfikrlar dilida ham shunday ishtiyoqni “yondira” olishingiz muhim. Xatolar-u to'siqlardan qo'rqmang! Ishni shunchaki oling va bajaring!”

2022-09-06