“Startup Weekend Women Edition” xakatoni

19–21-may kunlari, uch kunlik “Techstars Startup Weekend Women Edition” xakatoni Toshkentda joylashgan C Space Coworking Markazida o‘tkaziladi.

Startup Weekend Women Edition – bu ayollar uchun qimmatli tajriba orttirish, soha mutaxassislari bilan tanishish va startap g‘oyalarini rivojlantirish imkoniyati.

Startaplar, moliya, marketing va mahsulotni boshqarish sohasidagi professionallar ko‘magida tanlov ishtirokchilari o‘z biznes-rejalari va mahsulot prototiplarini ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi.

Tadbirning uch kuni davomida dinamik va jo‘shqin muhitni ta’minlovchi professional front-end dasturchi Durdona Bahronova fasilitator bo‘lib qatnashadi.

Xakatonning birinchi kunida ishtirokchilarga Startup Weekend formati tushuntirib beriladi. Ular 1 daqiqa ichida qolgan ishtirokchilarni oʻz jamoalariga jalb qilish uchun biznes gʻoyalarini birma bir taqdim etishadi. Soʻng eng koʻp ovoz yigʻgan 10ta gʻoya mualliflari oʻzlariga kerakli ishtirokchilar bilan jamoa boʻlib, taqdim etilgan gʻoya ustida ishlashni boshlashadi.

Tanlovning ikkinchi kuni muhim kun boʻladi: ishtirokchilar MVP va gipotezalarni sinash boʻyicha master-klasslarda qatnashadilar, maʼruzalardan soʻng esa ular oʻz gʻoyalarini sinab koʻradilar va prototiplarini yaratadilar. Jamoalar, shuningdek, oʻz tajribalari bilan boʻlishadigan va gʻoyalar ishlab chiqarishga yordam beradigan startap-sanoat rahbarlari bilan birga ishlaydilar.

Tadbirning so‘nggi uchinchi kunida jamoalar o‘z g‘oyalarini hay’at a’zolariga taqdim etadilar. Baholash uchta mezon asosida amalga oshiriladi: Eng yaxshi gipoteza testi, Eng yaxshi biznes modeli va Eng yaxshi bozor potensiali. Barcha mezonlar bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan top-3 startap sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Tadbir ingliz tilida oʻtkaziladi. Quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻting: https://startupweekend.uz/billing/swt2023_05

Ushbu xakaton Techstars xalqaro startap akseleratorining mahalliy rahbarlari tomonidan USAID, Alif Tech, BMTTD, Coca-Cola Uzbekistan, C Space coworking markazi, Super Dispatch bilan hamkorlikda hamda IT Park Uzbekistan axborot ko‘magida tashkil etilgan.

2023-05-16