Success Story: 16-yoshida Mohirdev kompaniyasida Frontend-dasturchi boʻlib ishlayotgan maktab oʻquvchisi

Usmonov Alisher Buxoro viloyati Jondor tumanida tugʻilgan. Hozirda tumandagi 31-sonli maktabning 9-sinf oʻquvchisi.

1,5 yildan buyon Mohirdev kompaniyasida junior Frontend dasturchi sifatida ishlab kelmoqda.
IT-sohasiga boʻlgan qiziqish dastlab Android qurilmalar uchun ishlab chiqiladigan ilovalarni oʻrganishdan boshlangan. Shuningdek robototexnika va ilovalar yasashga boʻlgan intilish ham dasturchi boʻlishga turtki boʻlgan.
Qahramonimiz dasturchilikni oʻrganishni boshlamoqchi boʻlganda oʻquv kurslarini topish biroz qiyinchilik tugʻdirgani, onlayn darslar esa amaliyot oʻrnini bosa olmaganini qayd etdi.

Dasturchilikka kirib kelganiga koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, qahramonimiz oxirgi 6 oy ichida 3 ta yirik loyihani muvaffaqiyatli tamomlagan va oʻz ishini davom ettirib kelmoqda.

Hozirda barcha dasturchilar singari biror masala yuzaga kelganda uning yechimini topishda qiynalishi va buni hal etish uchun koʻproq tajriba toʻplashi kerakligini aytib oʻtdi.

Alisher bunda jamoa bilan koʻproq ishlash kerakligi, senior dasturchilar bilan muloqot qilib, ularning ishlash tartibi va masalani yechishda qanday usullarda foydalanishini oʻrganish zarurligini taʼkidladi.

Qahramonimiz onlayn Frentend darslari va Fulfil Education markazida MERN dasturlash kursini tamomlagan. Oylik daromadi $300 dan boshlanadi.

Kelajakda Google, Amazon, Uber kabi yirik kompaniyalarda ishlash bilan bir qatorda, ushbu sohaga ixtisoslashgan oʻzining shaxsiy kompaniyasiga asos solishni orzu qiladi.

Alisher oʻzining misolida ishtiyoqi boʻlgan har qanday inson IT mutaxassisi boʻlishi mumkinligini koʻrsatib bermoqda. Asosiysi — intilish, mehnat qilish va oʻrganishga boʻlgan qiziqishdir. IT-markazlar esa ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi. Balki ruknimizning keyingi qahramoni siz boʻlarsiz?

2023-01-27