Shodmonov Sanjar Navoiy viloyati, Navoiy shahrida tugʻilgan. IT sohasiga oʻzining ilk qadamlarini 22 yoshda qoʻygan, hozirgi kunda IT sohasining grafik dizayn yoʻnalishi boʻyicha malakali mutaxassis. Hozirda Shodmonov Sanjar 25 yoshda boʻlib, yosh boʻlishiga qaramay IT Park Navoiy viloyati filialida SMM menejer hamda IT markazda grafik dizayn kursi boʻyicha oʻqituvchilik qiladi. Shu kunga qadar 100 ga yaqin oʻquvchilarga taʼlim bergan.
Bugungi kunda uning oʻquvchilarining bir qismi IT kompaniyalarda, yana bir qismi Oʻzbekiston ichki bozorida oʻz-oʻzini band qilgan holda frilanserlik faoliyati bilan shugʻullanishmoqda. Shuningdek bir necha oʻn nafari grafik dizayner oʻqituvchisi boʻlib oʻz faoliyatini yuritmoqda.
Sanjar markazda oʻquvchilarga taʼlim berishidan tashqari Oʻzbekiston ichki bozoridagi buyurtmalarni ham bajarib boradi. Oylik oʻrtacha daromadi 500-700 $ ni tashkil etadi.
Uning fikricha, jamoaviy ishlashning asosiy afzallik tomonlari ishlar teng taqsimlanishi, barcha loyihalar oʻz vaqtida bajarilishi. Odamlar bilan birga ishlashni va muloqot qilishni oʻrganish, kirishimlilik, malaka oshirish, fikr almashish kabi malaka va qobiliyatlarni ham rivojlantiradi.
Qahramonimiz kelajakdagi rejalari Oʻzbekistonda IT sohasini yanada rivojlantirishni va yetuk IT-mutaxassislar yetishtirib chiqarib, salohiyatli kadrlarning rivoji boʻyicha Navoiy hududini Respublika miqyosida 1-oʻringa olib chiqishdan iborat.
Sanjarbek oʻzining misolida ishtiyoqi boʻlgan har qanday inson IT mutaxassisi boʻlishi mumkinligini koʻrsatib bermoqda. Asosiysi — intilish, mehnat qilish va oʻrganishga boʻlgan qiziqishdir. IT-markazlar esa ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi. Balki ruknimizning keyingi qahramoni siz boʻlarsiz?
2023-01-31