Success Story: Qanday qilib havaskor dasturchi o’zining shaxsiy birja platformasini yaratdi?

Kamron Zaripov 2003-yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkol tumanida tugʻilgan.

Hozirda 20 yosh, U dastlab 2018-yilda moliyaviy erkinlikka erishish maqsadida internet orqali sarmoyadorga aylanish uchun xorij platformalari orqali investitsiya kiritgan. Ammo ushbu platformalarning ishlash tizimi va daromad manbai qayerdan kelishini tushunib yetgach, dasturchi sifatida ish boshlagan.

U IT Park' ga qanday qilib loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgani, uning ishonchini suiiste’mol qilgan hindistonlik dasturchi, IT sohasida uzoqqa borish uchun jamoaning muhimligi haqida gapirib berdi.

Dasturchi boʻlish uchun qaysi kurslarga borgansiz?

Dasturchi boʻlish uchun maxsus kurslarga bormaganman. Asosan video koʻrsatmalar orqali oʻrganar edim. Nima xohlayotganingizda qarab youtube yoki boshqa obunali platformalardan videolarni koʻrib maxsus kodlarni yodlashingiz yoki koʻchirib olishingiz mumkin.

Shaxsiy tajribam davomida maʼlum davlat yoki xususiy tashkilotlarda ishlashni xohlamaganim uchun kurslarga bormadim. Ammo buni boshqalarga tavsiya bermayman. Chunki hammada idrok va oʻzlashtirish darajasi har xil. Shundan kelib chiqib, aytishim mumkinki, IT Park, banklar, dasturiy taʼminot tizimi bilan ishlovchi xususiy kompaniyalar yoki ushbu sohaga aloqador boshqa tashkilotlarda ishga joylashish uchun albatta maxsus oʻquv kurslariga borish kerak.
Chunki ishga kirayotganda sizga masalani yechish uchun videolarda mavjud kodlar yoki tayyor algoritmlardan foydalanishning imkoni boʻlmaydi.

Hozirgacha oʻzim va xalqaro hamkorlar ishtirok etgan hamda muvaffaqiyatli yakunlangan loyihalar soni 25 dan ortiq. Shaxsan oʻzim muvaffaqiyatli yakunlagan loyihalarim soni 7 ta.

Hamkorlarning asosiy qismi Rossiya, Hindiston, Qozogʻiston kabi davlatlardan. Barcha sohalarda eng arzon ishchi kuchi Hindistonda mavjud.
Bitta loyihani toʻliq ishlab chiqish uchun shaxsan menda 3 kun vaqt ketadi. Ammo asl haqiqat quyidagicha: aksariyat dasturchilar deadlinelar aynan tugaydigan kunda ishni yakunlash uchun noutbuk oldiga oʻtiradilar. Oldingi kunlar esa shunchaki boshlangʻich algoritmlar bilan band boʻladilar.

Daromadlar oqimi va muvaffaqqiyatsizlik

IT-sohasida ish olib borayotganimda daromadlarim o’rtachadan yuqori edi. Mablagʻlarning asosiy qismi shaxsiy ehtiyojlarim va ish qurollarimni yangilashga sarflaganman.

Dasturchi sirini dasturchi albatta biladi. Bu sohaning bir qora tomoni bor. U ham boʻlsa sizga ishonch bildirgan va siz ishonch bildirgan mijozlar oʻrtasida yolgʻon oldi-berdining yuz berish ehtimoli yuqoriligidir.

Tajribamda bir holatga duch kelganman. Agar biror chet ellik hamkor bilan kelishuvga erishsam xizmatni toʻlash uchun oʻzim ishlab chiqqan

Platforma orqali yolgʻon toʻlovni amalga oshirar edim. Loyihani koʻrib chiqqandan soʻng, haqiqiy pullarni ishlab beruvchi hisobiga oʻtkazib berardim.

Maʼlum vaqt kelib fond bozorida savdo qilish uchun oʻzimga juda kerakli boʻlgan tayyor platformani hindistonlik “dasturchi”dan sotib olmoqchi boʻldim.

Juda ham shoshilganim bois doim bajaradigan ishimni qilmadim va pullarni uning hisobiga oʻtkazib yubordim ( summasini ochiqlashni xohlamadi). Hindistonlik shaxsni boshqa topa olmadim va katta miqdordagi mablagʻlar havoga uchib ketdi.

Ammo shunga qaramasdan yana ishlashda davom etdim va Mablagʻlarimni teng taqsimlagan holda “SARMOYA” deya nomlangan shaxsiy tokenni o’zim yaratgan birja platformasiga(zevex.uz) joylashtirish ishlari bilan shugʻullandim.
Keyinchalik UZEX Respublika Tovar-xomashyo birjasidan brokerlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishga muvaffaq boʻldim.

Hozirda birjadan talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni birlamchi qoʻllarga yetkazib bermoqdamiz.

Brokerlik kompaniyasi boʻlgani uchun daromad soligʻi 25% ni tashkil etadi. Har bir oldi –sotdini amalga oshirganda taqriban 50$ atrofida komissiya olamiz.
Shuning hisobiga dasturchilikda oladigan daromadlarim miqdori ikki barobarga qisqardi.

IT sohasida jamoaviy ishlashning ahamiyati

Hozirda olib borayotgan faoliyatimni omadsizlik deya baholamayman. Ammo IT sohasida uzoqqa borish va har tomonlama oʻsish uchun jamoaning oʻrni juda ham muhim. Chunki yirik loyihalar doimo jamoa bilan birga bajariladi. Agar yakdil fikrga ega boʻlmaganlar yigʻilgan boʻlsa jamoa darz ketishi aniq.

Bizda ham shunday boʻldi. Jamoamiz bilan birga ishladik. Ammo bajargan ishlarimiz faqatgina murakkab boʻlmagan mobil ilovalar va oʻyinlar bilan cheklanib qoldi. Biz tarqalib ketdik. Ayrimlar davlat idorasiga ayrimlar xususiy kompaniyalarda ishlashni boshlashdi. Shunday qilib IT sohasidagi sarguzashtlarim vaqtinchalik toʻxtab qoldi.

Ammo maqsadlarim qotib qolgani yoʻq. Yaqinda Yandex Games bilan shartnomaga kelishib, kichik hajmni va uncha murakkab boʻlmagan oʻyinlarni saytga joylashtirish niyatidamiz.

 

2023-01-24