IT Park muvaffaqiyatga erishishda yosh toʻsqinlik qila olmasligini isbotlay olgan mutaxassislarning hayotiy hikoyalari bilan boʻlishishda davom etadi.
IT-mutaxassisi ruknining bu galgi qahramoni – Muhammadjon Qobuljonov. U Andijon viloyatining Asaka tumanida tugʻilib oʻsgan. Hozirda shu tumandagi 2-sonli kasb-hunar kollejining 2-bosqich talabasi.
Qahramonimiz dasturchilik sohasiga 13 yoshida kirib kelgan. Mutaxassisligi boʻyicha dasturchi va veb-dizayner.
Muhammadjonda yoshlikdan ushbu sohaga juda katta qiziqish boʻlgan. Shuningdek, raqamli texnologiyalar yoʻnalishidagi mutaxassislarga boʻlgan talabning yuqoriligini hisobga olgan holda IT sohasiga kirishga qaror qilgan.
Uning aytishicha, boshlanishida barcha darslar masofaviy tarzda oʻtilgani oʻzlashtirish jarayonini biroz qiyinlashtirgan.
Keyinchalik 2020- ochilgan IT-markazda tahsil olib, UDM, “One Million Uzbek Coders” va Mohirdev tomonidan tashkil etilgan kurslarni tamomlagan.
Hozirda oʻquv markazida taʼlim boʻyicha mutaxassis. Frilanser. Daromadi oyiga oʻrtacha $700 dan $1000 gacha.
Yosh boʻlishiga qaramay, qahramonimiz 20 dan ortiq loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlashga ulgurgan. Loyihalari qatoridan Rossiya va Belorussiya kabi davlatlar ham oʻrin olgan.
Muhammadjonning fikricha IT-sohasida jamoaviy ishlashning oʻrni juda muhim. Loyihalarni yaratayotganda Frontend va Backend qismlarini alohida mutaxassislar bajarsa u yanada sifatliroq va tezroq yakunlanadi deb hisoblaydi.
Kelajakda senior dasturchi darajasiga koʻtarilib, frilans ravishda ishlovchi jamoani shakllantirishni orzu qiladi.
Muhammadjon oʻzining misolida ishtiyoqi boʻlgan har qanday inson IT mutaxassisi boʻlishi mumkinligini koʻrsatib bermoqda. Asosiysi — intilish, mehnat qilish va oʻrganishga boʻlgan qiziqishdir. IT-markazlar esa ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi. Balki ruknimizning keyingi qahramoni siz boʻlarsiz?
2023-01-20