IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Abdulahad Kuchkarov boshchiligidagi ishbilarmonlik tashrifi doirasida “SupplyPike” kompaniyasining hammuassisi va texnik direktori Kanat Bektemirov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Kanat keyinchalik 200 million dollarga sotilgan loyihani rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynagan.
“SupplyPike” — Arkanzas shtatining Rojers shahrida joylashgan bosh ofisga ega dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha startap. Kompaniya “Johnson & Johnson”, “Dr Pepper”, “Energizer” kabi chakana savdo ta’minotchilari uchun chegirmalarni, talablarga muvofiqlikni va pul oqimlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan yechimlarini taqdim etadi. Platforma ta’minot zanjiri jarayonlarini soddalashtirish va yo‘qotilgan foydani qayta tiklash uchun “Walmart”, “Amazon” va “Target” kabi yirik chakana sotuvchilar bilan integratsiyalashgan. 2024-yilga kelib “SupplyPike” kompaniyasida taxminan 130-160 kishi mehnat qilmoqda va jalb qilingan investitsiyalarning umumiy hajmi 40-25 million dollarni tashkil etadi. 2024-yil avgust oyida “SupplyPike” “NASDAQ”da ommaviy savdoga chiqarilgan “SPS Commerce” kompaniyasi tomonidan sotib olindi.
Kanat Nukusda tug‘ilib o‘sgan, 15 yoshida AQShga ko‘chib ketgan va u yerda Arkanzas universitetida ta’lim olgan. O‘qish davrida “Google” va “Amazon” kabi yetakchi kompaniyalarda amaliyot o‘tagan. U mahsulotni ishlab chiqishning dastlabki bosqichida “SupplyPike” jamoasiga qo‘shilib, uning rivojlanishi hamda kengayishiga sezilarli hissa qo‘shgan. Kanatning muvaffaqiyati yosh tadbirkorlar va startap asoschilari uchun yorqin namuna bo‘lib xizmat qiladi, ularni texnologiya sohasida ulkan maqsadlarga erishishga ilhomlantiradi.
Abdulahad Kuchkarov bilan muzokaralar chog‘ida Kanat o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlarga murabbiy bo‘lish istagini bildirdi. U startap asoschilari o‘z loyihalarini xalqaro maydonda muvaffaqiyatli amalga oshirishlariga yordam beradigan amaliy bilim va maslahatlar bilan o‘rtoqlashishni rejalashtirmoqda. IT Park va “SupplyPike”, shuningdek, Toshkent va Nukusda bir qator uchrashuvlar tashkil etishga kelishib oldilar. Bu uchrashuvlarda Kanat “SupplyPike” startapini yaratish va kengaytirish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va jahon miqyosida muhim natijalarga erishish bo‘yicha o‘z tajribasi haqida so‘zlab beradi.
Mazkur uchrashuvlar o‘zbekistonlik yosh startap asoschilari uchun ilhom, qimmatli maslahatlar va bilimlarni olishning noyob imkoniyati bo‘lib, ularga global maydonda, shu jumladan AQSh bozoriga chiqishda, texnologiya va innovatsiyalar sohasida muvaffaqiyatga erishishlariga yordam beradi.
IT Park Uzbekistan startaplarga bilim, mentorlik yordami va zarur resurslardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali xalqaro bozorlarga chiqishga ko‘maklashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Kanat Bektemirov kabi muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan hamkorlik O‘zbekistonning yosh iste’dodlariga nafaqat haqiqiy muvaffaqiyat namunalaridan ilhomlanish, balki loyihalarni rivojlantirish va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashish bo‘yicha amaliy tavsiyalar olish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy startaplar uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ularning mahsulotlarini xorijiy bozorlar ehtiyojlariga moslashtirishga yordam beradi. Bunday yondashuv O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi istiqbolli texnologiya markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlaydi va innovatsion sektorning barqaror o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratadi.
2024-11-08