Tadbirkorlarga raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoit yaratiladi

“Tadbirkorlik subyektlariga xalqaro platformalar orqali raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-129-son, 15.03.2024 y.) qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, huquqiy eksperiment tariqasida raqamlashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha eksport shartnomaviy hujjatlarni xalqaro platformalarda rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

2024-yil 1-apreldan huquqiy eksperiment doirasida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) rezidentlari tomonidan raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar (ular amalga oshirishi ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga muvofiq) eksporti bo‘yicha xalqaro platformalarda elektron shaklda rasmiylashtirilgan qiymati 100 ming AQSH dollarigacha (yoki ushbu ekvivalentga teng miqdorgacha) bo‘lgan shartnomalar (kelishuv, hisobvaraq-faktura, invoys) elektron hujjat sifatida tan olinadi hamda ularning qog‘oz shaklidagi nusxasi talab etilmaydi.

Raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirish ruxsat etiladigan xalqaro platformalar ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Huquqiy eksperiment doirasida IT Park rezidentlari uchun YAIDXP orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tashqi savdo bitimlari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni kiritib borish majburiy hisoblanadi.

2024-03-16