Tatariston prezidenti “IT Park Uzbekistan” majmuasiga tashrif buyurdi

11-oktabr kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Nurgalievich Minnixanov O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida mamlakatimizda AKT sohasi rivoji va ushbu sohadagi imkoniyatlar bilan tanishdi, va, xususan, “IT Park Uzbekistan” majmuasiga tashrif buyurdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos AKT vazirligi tomonidan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini raqamlashtirish, yoshlar salmog‘i va AKT sohasida ish o‘rinlari sonini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

IT-Park direktori Farhod Ibragimov, o‘z o‘rnida, mehmonlarga tashkilot mohiyati, mamlakatimizda startap ekotizimini rivojlantirish, IT-ta’lim, IT-tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Taqdimot davomida O‘zbekistonning BPO va IT-xizmatlar eksporti yo‘nalishidagi salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar, shuningdek, respublikalar o‘rtasidagi sherikchilik aloqalarini yanada mustahkamlash, jumladan, IT sohasida hamkorlikni rivojlantirish va loyihalarni ilgari surish istiqbollari, shuningdek, “Innopolis” va Qozon shahridagi IT-Park rezidentlarining O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

IT-Parkga tashrifi doirasida delegatsiya “Aloqabank”ning yangi ofisida ham bo‘ldi. Mehmonlar O‘zbekistonda venchur moliyalashtirishning rivojlanishi, xususan, “AloqaVentures” venchur fondi faoliyatiga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Tatariston delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishidagi ijobiy dinamikani alohida e’tirof etib, IT sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

2022-10-12