Texnik sharh: GPTbot cheklovlari, Googlening yangi loyihasi va boshqalar

XXI asr texnologiyalar bilan uzviy bogʻliqdir. Ushbu sohada har kuni eʼtiborga loyiq qiziqarli voqealar sodir boʻladi. Aynan shuning uchun biz texnologiya olamidagi eng dolzarb yangiliklarni siz bilan baham koʻradigan yangi rubrikani ishga tushirmoqdamiz. 

1. Endilikda veb-dasturchilar OpenAI GPTBot’ning oʻz resurslariga kirishini cheklash imkoniyatiga ega.

Bu shuni anglatadiki, OpenAI endi oʻz modellarini o’qitish uchun ushbu saytlarning kontentidan foydalana olmaydi.

OpenAI rasmiy sayti botning kontentga kirishini oldini olish boʻyicha koʻrsatmalarni eʼlon qildi. Buning uchun robots.txt fayliga tegishli oʻzgartirishlarni kiritish kifoya. Bundan tashqari, yanada moslashuvchan kirishni oʻrnatish mumkin, masalan, botga faqat saytning maʼlum kataloglariga kirishga ruxsat berish.

2. Google mobil va veb-ilovalarni yaratish uchun bulutli integratsiyalashgan dasturlash muhiti (IDE) — Project IDX deb nomlangan yangi loyihani taqdim etdi.

Ishlab chiquvchilar tezda yangi IDE-dan foydalana olishlari uchun platforma Github-dan loyihalarni koʻchirib olishni qoʻllab-quvvatlaydi. Tayyor shablonlardan foydalangan holda yangi loyihani ishlab chiqishni boshlash mumkin va avval ular brauzerda emulyator yordamida ishga tushirilishi kerak. Endilikda veb-ilovalarni oldindan koʻrish mumkin, ammo tez orada ushbu imkoniyat Android va iOS qurilmalarida ham paydo boʻladi.

Hozircha Google Project IDX-ning sinov versiyasini taqdim qildi. Unga kutish roʻyxati orqali kirish mumkin. Roʻyxatdan oʻtish esa mahsulotning veb-saytida mavjud.

3. Stability AI LLM neyron tarmogʻiga asoslangan va dasturiy taʼminot kodini yaratish uchun moʻljallangan StableCode nomli yangi tizimni taqdim etdi.

Kompaniyaning fikricha, bu yechim dasturchilarning kundalik ishlarida, shuningdek, yangi texnologiyalarni oʻrganishda foydali vosita boʻladi.

Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, neyron tarmoq boshqa shunga oʻxshash modellarga nisbatan juda katta kod parchalarini yaratishga qodir. Masalan, yaratilgan kod Python tilidagi beshta fayl bilan teng boʻlishi mumkin.

4. Zoom Video Communications kompaniyasi o‘zining Zoom xizmatidan foydalanish shartlarini yangiladi.

Endilikda foydalanuvchilar sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun oʻz maʼlumotlarini uzatishga rozilik berishlari kerak. Ushbu maʼlumotlarga boʻlgan barcha huquqlar faqat Zoom-da qoladi.

Yangi qoidalarga koʻra, Zoom qonun hujjatlariga muvofiq foydalanuvchi maʼlumotlarini turli maqsadlarda oʻzgartirish, tarqatish, qayta ishlash va ulardan foydalanish huquqiga ega.

Ushbu qoidalar oʻzgarishi Zoom-ga foydalanuvchilar tomonidan yaratilgan maʼlumotlardan oʻzlarining mashina modellari va sunʼiy intellektlarini oʻrgatish uchun foydalanishga imkon beradi. Biroq, yangi qoidalar mijozlar maʼlumotlarini yigʻish va ulardan foydalanishni bekor qilmaydi.

Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, bu telemetriya maʼlumotlari, foydalanish samaradorligi haqidagi maʼlumotlar, diagnostika maʼlumotlari va boshqalar kabi Zoom-dan foydalanishda hosil boʻladigan maʼlumotlarga taalluqlidir, ammo foydalanuvchi kontentini oʻz ichiga olmaydi.

5. Cooler Master kompaniyasi smartfonlar uchun Cryo Phone Cooler sovutish tizimini taqdim etdi.

Qurilma kengligi 90 mm dan oshmaydigan barcha smartfonlar uchun mos keladi. Ventilyatorning ishlash muddati 40 ming soatga yetadi. Qurilmaning oʻzi alyuminiy, plastmassa va kauchukdan tayyorlangan. Shuningdek, u iOS va Android telefonlari uchun maxsus ilovaga ega. Uning yordamida siz ventilyator tezligi va yorugʻlikni boshqarishingiz mumkin. Maʼlumotlar Bluetooth orqali qurilma bilan sinxronlashtiriladi.

AQShda Cryo Phone Cooler 10 avgustdan sotuvga chiqariladi va narxi 30 dollarni tashkil qiladi. Ishlab chiqaruvchi ikki yillik kafolatni taqdim etadi.

2023-08-10