Tez orada Jizzaxda IT Park filiali ochiladi!

 

Prezidentning 3-tashabbusi doirasida mamlakatda, xususan, yoshlar oʻrtasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda ommalashtirish maqsadida hududlarda filial va IT–markazlarni qurish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.

Oʻtgan hafta, Jizzaxda IT Park Delegatsiyasi hamda Jizzax viloyati hokimi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.



Yaqin muddat ichida Jizzaxda IT Park filiali ochilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda zamonaviy va qulay ofislar, kovorking markazi, ingliz tilida ITni, kibersport va robototexnika boʻyicha oʻqitish boʻyicha auditoriyalar mavjud boʻladi. Filialda yoshlar uzluksiz elektr taʼminoti va yuqori tezlikdagi Internet bilan kunu-tun ishlash imkoniyatiga ega boʻlishi eʼtiborga molikdir.

Shuningdek, joriy yil soʻnggiga qadar, Jizzax viloyatida 7 ta IT-markaz  ochiladi va 2021-yilning oxirigacha ularning soni allaqachon 13 taga yetadi. 

Jizzax viloyatidagi IT-markazlar quyidagi hududlarda ochiladi: iyul oyida Sh.Rashidov tumanida, avgustda Baxmal tumanida, sentyabrda Paxtakor tumanida, oktyabrda Doʻstlik tumanida, noyabr oyida Zafarobod tumanida, dekabrda Zomin tumanida. Shuningdek, Jizzaxning Zarbdor tumanida allaqachon IT-markaz faoliyat koʻrsatmoqda.



Jami 13 ta IT-markaz 5 mingdan ortiq yoshlarni oʻqitish va oʻqituvchilarning axborot texnologiyalari sohasidagi malakalarini oshirish imkoniyatini beradi.


 

2020 yil soʻnggiga qadar Jizzax viloyatidagi 547 umumiy oʻrta taʻlim maktablarida “One million uzbek coders” loyihasi boʻyicha 7-11 sinflardagi 106,4 ming oʻquvchini oʻqitish va ushbu loyihani muvaffaqiyatli tugatgan oʻquvchilarni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetiga onlayn tizim orqali oʻqishga qabul qilish (sirtqi taʼlim uchun) rejalashtirilgan.

 

IT markazlarida mavjud boʻlgan kurslar:

• Kompyuter savodxonligi;

• Chuqurlashtirilgan MS Office;

• Veb dasturlash tillari;

• Boshlangʻich grafika va dizayn;

• Mobil ilovalar ishlab chiqish;

• Python dasturlash tili;

• Arduino va Lego asosida mobil robototexnika;

• CS: GO, Dota 2 va FIFA20 oʻyinlari asosidagi kibersport darslari.

Taʼkidlash joizki, Jizzax viloyati hokimligi tomonidan IT Park filiali tez va samarali ochilishi uchun zarur boʻlgan barcha ishlar amalga oshirilmoqda, IT Parkdagi barcha talabalar yoki xodimlar foydalanishi mumkin boʻlgan texnik va moddiy bazani yaratilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2022-yil oxiriga kelib Jizzax viloyati iqtisodiyoti AKTga biriktiriladi - 2000 dan ortiq malakali IT mutaxassislari va yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi.





Maʼlumot uchun: Jizzax viloyatida jami 1,374 million kishi istiqomat qiladi. 8-30 yoshdagi yoshlar - 585 mingga yaqin (42 foiz). Hozirgi kunda viloyatdagi 547 ta maktabda 940 nafar oʻqituvchi axborot texnologiyalari sohasida ishlamoqda, 476 ta maktabda 12,3 ming oʻquvchi tahsil olmoqda.

Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, har yili jami 1,3 million abituriyent oliygohga hujjat topshiradi. Ulardan oʻrtacha 130 ming kishi talabaga aylanishadi. Joriy yilda universitetga kira olmaganlar, O'zbekiston Respublikasi IT markazlarining istalgan filialida malaka oshirishga va kelajak kasblarini egallashga taklif etiladilar!

 



 


 

2020-06-24