31-oktyabr kuni Tokiodagi “COREDO Muromachi Terrace” majmuasida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va “IT Bilim” tomonidan “JUSRF” va “JETRO” ko‘magida “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri tashkil etildi. Tadbir Yaponiyaning 110 dan ortiq IT, GameDev kompaniyalari, shuningdek, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan universitetlar va yirik korporatsiyalardan 130 nafardan ziyod vakilni jalb etdi.
Bu Yaponiyada o‘tkazilayotgan ikkinchi “Uzbekistan Outsourcing Conference” bo‘lib, yapon kompaniyalarining mamlakatimiz salohiyatiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Shuni ta’kidlash joizki, konferensiyada nafaqat Tokiodan, balki boshqa shaharlardan ham delegatsiyalar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Akixiro Sakurai ochib, IT sohasidagi xalqaro hamkorlikning muhimligini ta’kidladi. U Yaponiya bilan hamkorlik ilg‘or texnologiyalar almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratishi va har ikki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishini qayd etdi.
IT Park Uzbekistan katta menejeri Nodirbek Berdikobilov O‘zbekistonning autsorsing yo‘nalishi sifatidagi afzalliklari haqida so‘zladi. Bularga 21 milliondan ortiq yosh kadrlar zaxirasi, soliq imtiyozlari va 99,9% lik yuqori savodxonlik darajasi kiradi. Bundan tashqari, Nodirbek konferensiya ishtirokchilarini IT Park Uzbekistan qo‘llab-quvvatlash dasturlari, jumladan, “Zero Risk” bilan tanishtirdi. Ushbu dastur doirasida eksport qiluvchi kompaniyalar faoliyatning birinchi yili davomida bepul ofis binolari va texnik jihozlar ko‘rinishida imtiyozlarga ega bo‘lishi, shuningdek, xodimlar uchun bir qator xarajatlarni qoplashi mumkin.
“IT Bilim” xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Artur Le ilg‘or ko‘nikmalarga ega va bir nechta tillarni biladigan o‘zbekistonlik yosh mutaxassislar innovatsion yechimlarga qiziquvchi yapon kompaniyalari uchun qimmatli resurs ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u bugungi kunda o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylashtirish bo‘yicha Yaponiya bozori bilan juda faol ish olib borilayotganini aytib o‘tdi.
“O‘zbekiston kadrlar zaxirasining muvaffaqiyatli rivojlanishi Yaponiya bozori uchun mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli dasturlari bilan chambarchas bog‘liq. Bu dasturlar mutaxassislarni yuqori texnologiyali loyihalarning xalqaro talablariga javob beradigan ko‘nikmalar bilan ta’minlaydi. Xususan, bugungi kunda 50 ga yaqin kishi Yaponiya kompaniyalarida mehnat qilmoqda, O‘zbekistonlik mutaxassislarni yollashni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatning 10 ta kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan,” deya qo‘shimcha qildi “IT Bilim” bosh direktori Farrux Rasulev.
“Japan External Trade Organization” kompaniyasining Toshkentdagi ofisi direktori Yuta Ichinose va “CICC” ijrochi bosh menejeri Kotaro Okada o‘z ma’ruzalarida nafaqat Markaziy Osiyo hududida, balki butun MDH mintaqasida ham biznes yuritish imkonini beruvchi yapon va ingliz tillarini biladigan ko‘plab malakali mutaxassislar mavjudligini ta’kidladilar. Shuningdek, ular O‘zbekiston IT-sanoatining jadal rivojlanishini alohida qayd etib, u yaqinda rivojlana boshlagan bo‘lsa-da, tez sur’atlar bilan jahon yetakchilarini quvib yetayotganini aytib o‘tdilar.
IT Park Global marketing bo‘yicha direktori Jamila Xalibaeva O‘zbekiston iqtisodiyotining raqamli sektorini jadal rivojlantirish hukumatning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi va zarur islohotlarni amalga oshirishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi. “Respublikada mamlakatning IT va autsorsing sohalarini rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda, bu esa ularning jadal o‘sishiga turtki bo‘lib xizmat qilmoqda.”
IT Park rezidenti bo‘lgan yaponiyalik “Symphodia Phil Co. Ltd” kompaniyasining bosh direktori O‘zbekistonda IT-biznesni rivojlantirishning muvaffaqiyatli tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va o‘zbekistonlik mutaxassislarning moslashuvchanligini ta’kidladi. Bu xususiyatlar, ayniqsa, qat’iy korporativ standartlari va odob-axloq qoidalariga ega bo‘lgan yapon korporatsiyalari uchun qadrlidir. O‘zbek mutaxassislarining yuqori mehnatsevarligi va tez moslashuvchanlik qobiliyati ularni yapon biznesi uchun jozibador qilmoqda.
Shundan so‘ng, tadbir dasturi doirasida “Successful Launch of Business in Uzbekistan and the Potential for Growth” mavzusidagi panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda “CICC” bosh va ijrochi direktori Kotaro Okada, “Digital Knowledge Co., Ltd” bosh direktori Yasuyuki Noguti, “Rebreath Co.” bosh direktori Ken Takamatsu va “RINGO Entertainment Inc.” direktori Tomohito Hirasava so‘zga chiqdilar.
“Digital Knowledge Co., Ltd” kompaniyasidan Yasuyuki Noguti mintaqada talab qilinayotgan ta’lim tashabbuslari va raqamli innovatsiyalarning ahamiyatini ta’kidladi hamda xalqaro loyihalarni rivojlantirish uchun O‘zbekistonning salohiyatini alohida qayd etdi.
“Rebreath Co.” kompaniyasidan Ken Takamatsu va “RINGO Entertainment Inc.” kompaniyasidan Tomohito Hirasava mahalliy mutaxassislarning moslashuvchanlik darajasi va mehnatsevarligining yuqoriligini ta’kidladi, bu esa yapon kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga integratsiyalashuvini osonlashtiradi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ijodiy va texnologik sohalarga bo‘lgan qiziqishning ortib borishi hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochadi, bu esa Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari va innovatsion hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Konferensiya natijalariga ko‘ra, 6 ta yapon kompaniyasi keyingi olti oy ichida O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Prognozlarda ushbu tashabbuslar birinchi yilda 300 ta ish o‘rni yaratilishiga olib kelishi, O‘zbekistonning IT va autsorsing sohasidagi xalqaro investitsiyalar uchun jozibador yo‘nalish sifatidagi mavqeyini mustahkamlashi kutilmoqda.
2024-11-01