Toshkent shahridagi Inha universitetida “IT-taʼlimni maqsadli moliyalashtirish” mavzusida anjuman boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 27-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida IT Bilimlarni rivojlantirish markazi va bilgi.uz IT sohasidagi ta`lim ekosistemasining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT-bilimlarni rivojlantirish markazi direktori Farruh Rasulev va IT Park direktorining taʼlimni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Mahliyo Muksinova anjumanlar zalida yig`ilgan IT Park rezidentlari, taʼlim tashkilotlari, axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi oʻquv markazlari raxbarlari oldida o`z nutqlari bilan ishtirok etdilar.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov yoshlarning IT sohasidagi talabgor kasblarni egallashida moliyaviy koʻmak koʻrsatish dasturlari, xalqaro IT sertifikatlarini qo`lga kiritishda ko`maklashish, toʻlov-kontrakt uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sifatli va arzon taʼlimni rivojlantirishda taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash haqida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirib berdi.

Shuningdek, tadbirda IT Park rezidenti sifatida 1000-bo`lib ro`yxatdan o`tgan Buxoro viloyati Olot tumanida faoliyat yurituvchi Excellence Solutions” o`quv markaziga minnatdorchilik yuzasidan ramziy esdalik sovg`alari topshirildi.

Anjuman davomida IT Bilimlarni rivojlantirish markazi direktori Farrux Rasulev taklif etilgan ishtirokchilarni markazning vazifalari, IT soha mutaxassisi bo`lishni istagan yoshlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ta`lim muassasalarini texnik jihozlar bilan boyitish, ular faoliyatini yanada rivojlantirish uchun maqsadli qarz ajratish shartlari bilan yaqindan tanishtirdi hamda bilgi.uz platformasining ishlash faoliyati haqida anjuman qatnashchilariga batafsil maʼlumot berib oʻtdi.

Keyingi boʻlib soʻzga chiqqan IT Park direktorining taʼlimni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Mahliyo Muksinova IT sertifikatlar uchun toʻlov xarajatlarini qisman qoplab berish tizimining oʻziga xos tomonlari haqida gapirib berdi.

Qizgʻin davom etgan munozaralar jarayonida rezidentlar va oʻquv muassasalari vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, shuningdek, sohadagi taʼlim jarayonini yanada osonlashtirish uchun kerakli taklif va mulohazalarni berib oʻtdilar.

Tadbir soʻnggida IT Bilimlarni rivojlantirish markazi rahbari Farrux Rasulev va IT Parkning “BILIM TECH” Astrum, “IT-PARK UNIVERSITY”, “ISYSTEM PARTNERS”,“ AIF-EDU” TOPSCILL, “Financial Technology innovation hub” va “BePRO” kabi rezidentlari oʻrtasida o`zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.

2023-01-27