Toshkentda birinchi O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

24-iyul kuni “Bilkent Cyberpark” va “Technopark Gazi” texnoparklari tomonidan IT Park Uzbekistan ishtirokida tashkil etilgan birinchi “Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumi” start oldi. Tadbirda qoʻshma rivojlanish rejalarini muhokama qilish maqsadida Oʻzbekiston va Turkiya IT-kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.

“Bilkent Cyberpark” — Turkiyaning Anqara shahridagi axborot texnologiyalari sohasida innovatsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan texnopark. U turli sohalarda faoliyat yurituvchi 200 dan ortiq turk kompaniyalarini oʻz ichiga oladi.

“Technopark Gazi” ham Anqarada joylashgan, ammo kompaniyaning maqsadi innovatsion ekotizim yaratish va rivojlantirish, shuningdek, ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Tadbirda Turkiyaning 15 dan ortiq kompaniyalari, jumladan, “Adaal Bilisim,” “Bilgi Teknolojileri A.Ş.,” “Felekomünikasyon İletişim Hizmetleri Dış Ticaret Limited,” “Akıllı Bilisim Anonim Şirketi,” “Cloudpeer Global Bilisim A.Ş.” va boshqalar ishtirok etdi. IT Park tomonidan quyidagi rezident kompaniyalar vakillari ishtirok etdilar: “Uzinfocom,” “Exact IT,” “Everbestlab,” “TrustMe” va boshqalar. Barcha ishtirokchi kompaniyalar quyidagi IT-sohalari boʻyicha xizmatlarni taqdim etadi: dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, aqlli shahar, elektron hujjat aylanmasi, sunʼiy intellekt va boshqalar.

Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan, “Bilkent Cyberpark” va “Technopark Gazi” oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bitim sheriklik munosabatlarini oʻrnatish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, loyihalar uchun investitsiyalarni jalb qilishga koʻmaklashish, maslahat yordami koʻrsatish, bozor maʼlumotlari bilan almashish va xalqaro hamkorlik muhitini yaratishga qaratilgan.

Forumning asosiy qismi bir qator B2B uchrashuvlarini oʻz ichiga olgan boʻlib, unda Oʻzbekiston va Turkiya kompaniyalari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi potensial hamkorlik munosabatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari umumiy maqsadlarga erishish uchun oʻzaro hamkorlik qilish orqali Oʻzbekiston va Turkiya IT sohalarini texnologik rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish boʻyicha fikr almashdilar.

Tadbir chogʻida Oʻzbekiston uchun muhim va foydali boʻlgan bir qancha kelishuvlar imzolandi.

“PDP Ecosystem” kompaniyasi Turkiyaning “Bimser” kompaniyasi bilan hamkorlik boʻyicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi. Dastlabki muhokamalar chogʻida tomonlar raqamli texnologiyalar va biznes jarayonlarini optimallashtirish sohasida strategik sheriklik muhimligini taʼkidladilar. Keyingi muzokaralar biznesning turli sohalariga innovatsion yechimlarni joriy etishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

“Everestlab” kompaniyasi Turkiyaning 4 ta kompaniyasi bilan B2B uchrashuvlarini oʻtkazdi, ulardan 2 tasi hamkorlik kelishuvlarini tuzish uchun yuqori salohiyatga ega deb baholandi.

Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumi Turkiya va Oʻzbekiston IT sohalarini hamkorlik va birgalikda rivojlantirish uchun noyob imkoniyat taqdim etdi. Ikki mamlakat vakillari forum koʻplab oʻzaro manfaatli loyihalar va innovatsion tashabbuslar uchun boshlangʻich nuqta boʻlishiga ishonch bildirdilar. Tadbirda muhokama qilingan gʻoya va takliflar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, texnologik infratuzilmani rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirilgan.

2024-07-27