Toshkentda “GEW 2020” Global tadbirkorlik haftaligi oʻz nihoyasiga yetdi

Oʻzbekistonda 2020-yil 23-28 noyabr kunlari “Tadbirkorlik taʻlimoti – gʻoyadan amaliyotgacha” mavzusi ostida “GEW 2020” Global tadbirkorlik haftaligi boʻlib o'tdi.

“GEW 2020” ning asosiy mavzusi startaplarni tashkil etish, targʻib qilish va ularni moliyalashtirish boʻldi. Ikkinchi muhim mavzu sifatida pandemiya davrida oʻquv jarayoni va tadbirkorlikni tadbiq etish masalasi koʻtarildi.

Pandemiya sababli haftaning asosiy tadbirlari birinchi marta onlayn tarzda boʻlib oʻtdi. Hafta davomida Oʻzbekiston, Rossiya, Hindiston, Isroil, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarning mutaxassislari tomonidan 40 taga yaqin vebinar va taqdimotlar oʻtkazildi.

Global tadbirkorlik haftaligida qatnashgan tashkilotlar qatoriga London Metropolitan University, American-Uzbekistan Chamber of Commerce (AUCC), GIZ, UN, Trusted Corporation (Japan), Holon Institute of Technology (Israel) kiradi.

Bundan tashqari, O'zbekistondagi koʻplab universitetlar va biznes assotsiatsiyalar ham “GEW 2020” doirasida boʻlib oʻtgan sessiyalarda faol ishtirok etishdi.

Global tadbirkorlik haftaligi davomida IT Park tomonidan oʻtkazilgan vebinar, master-klass va panel muhokamalar:

- “Onlayn taʻlim: 2021-yilda bozorni nimalar kutmoqda?”;

- “Startap gʻoyasi bilan qayerga borish kerak va uni qanday qilib haqiqiy biznesga aylantirish mumkin?”;

- “Oʻzbekiston taʻlim sohasida biznesni rivojlantirish istiqbollari”;

- “Netvorking boʻyicha master-klass yoki siz startapingiz uchun foydali manbalarni qayerdan olishingiz mumkin?”;

- “COVID-19 davrida kompaniya xodimlarini saqlab qolish”;

- “Pandemiya davrida texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish”;

- “OTMlar qoshidagi inkubatsiya markazlarining istiqbollari”.

Barcha tadbirlar Toshkent OTMlari: Toshkentdagi Amity universiteti, Turin politexnika universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Webster, MDIST, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutlari hamkorligida tashkil etildi.

Aytib oʻtish joizki, Global tadbirkorlik haftaligi bosh qarorgohi AQShning Vashington shahrida joylashgan Global Entrepreneurship Network xalqaro tashkiloti homiyligi doirasida va bir vaqtning oʻzida dunyoning 180 mamlakatida oʻtkaziladi.
Hafta yakunida natijalar sarhisob qilingandan soʻng, davlat tashkilotlari hamda biznes jamiyatiga tavsiyalar taqdim etiladi.

Eslatib oʻtamiz, Global tadbirkorlik haftaligi boshlangan vaqtidayoq soʻrovnoma yaratildi va unda investitsiya jalb qilgan startaplardan biriga ovoz berish imkoniyati yoʻlga qoʻyildi. Ovoz berish yakunlariga koʻra “Achievement Unlocked” nominatsiyasida BILLZ startapi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Ma’lumot o’rnida, BILLZ startapi savdo nuqtalarining doimo yuqori pog‘onalarda qolishiga ko‘mak beruvchi kundalik jarayonlarni soddalashtiruvchi texnologiyalar, shuningdek mijozlar bilan ishlash va aqlli tahlil vositalari yordamida maksimal effektivlikka erishish, vaqt va pulni tejash maqsadida yaratilgan.
 



 

2020-11-30