Toshkent shahrida EUROUZ va ASEE Group tomonidan tashkil etilgan «AI for Impact: Shaping the Future of Central Asia’s Key Industries» nomli yuqori darajadagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat idoralari, xususiy sektor vakillari hamda 150 nafarga yaqin xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi.
Seminar doirasida o‘tkazilgan asosiy tadbirlardan biri — «Asosiy sanoat tarmoqlarida mijozlarga yo‘naltirilgan jarayonlarni avtomatlashtirish imkoniyatlari: mahalliydan global darajagacha» mavzusidagi panel sessiya bo‘ldi. Unda energetika, suv ta’minoti, transport sohalari vakillari, shuningdek, yirik xalqaro texnologik kompaniyalar spiker sifatida qatnashdi. IT Park Uzbekistan nomidan panel muhokamada Mahliyo Muksinova, Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktor, ishtirok etdi.
Sun’iy intellekt va avtomatlashtirish — IT xizmatlari va eksportga ko‘maklashuvchi yechimlar
Panel sessiyada Mahliyo Muksinova IT Park va uning rezident-startaplari faoliyatida sun’iy intellekt qanday joriy qilinayotgani haqida ma’lumot berdi. Misol sifatida 24/7 rejimida ishlovchi, foydalanuvchilarga ro‘yxatdan o‘tish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalar bo‘yicha yordam ko‘rsatadigan AI-chatbotni keltirdi. IT Park rezidentlari ham sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘z mahsulotlariga faol integratsiya qilmoqda — tabiiy tilni qayta ishlashdan tortib, logistika va chakana savdoda kompyuter ko‘rish tizimlarigacha.
“Sun’iy intellekt xizmat ko‘rsatish tezligini oshiradi, javob berish vaqtini qisqartiradi hamda ko‘p tilli qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi — bu esa xalqaro hamkorlik uchun muhim omil,” — dedi Mahliyo Muksinova.
U, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro IT-kompaniyalar uchun raqobatbardosh ustunliklarini ta’kidladi: imtiyozli soliq rejimi, yosh IT-kadrlar salohiyati, strategik geografik joylashuv va texnologik biznes uchun davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli yordam.
Xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivojining istiqbollari
Spiker, ayniqsa, BPO-sektorini rivojlantirish va sun’iy intellekt bu yo‘nalishda global raqobatbardoshlikni oshirishdagi roliga alohida e’tibor qaratdi. IT Park xorijiy kompaniyalar va institutlar bilan sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim, avtomatlashtirish va xizmatlar standartlashtirilishi sohalarida faol hamkorlik qilmoqda. Mahalliy BPO-operatorlarni keng ko‘lamli AI-xizmatlarga qiziqish bildirayotgan xalqaro mijozlarga ulash ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda sun’iy intellektni joriy etish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida Mahliyo Muksinova qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, fintex va logistika sohalarini ajratib ko‘rsatdi — bu tarmoqlarda sun’iy intellekt sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
IT Park Uzbekistan sun’iy intellektni iqtisodiyotning muhim sohalariga integratsiya qilmoqchi bo‘lgan rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishni davom ettiradi. “AI for Impact” kabi tadbirlar dunyo hamjamiyatining O‘zbekiston texnologik salohiyatiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi va yangi hamkorlik ufqlarini ochib beradi.
2025-05-26