18-mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan hamkorligida tashkil qilingan “Offshore Outsourcing Tour 2024” — axborot texnologiyalari va autsorsing sohasidagi keng koʻlamli xalqaro tadbir boshlandi. Tadbir 18-20 mart kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida boʻlib oʻtadi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xalqaro kompaniyalarga Oʻzbekistonning axborot texnologiyalari va autsorsing sohasidagi salohiyati, shuningdek, mamlakatga sarmoya kiritish uchun hukumat tomonidan yaratilgan imkoniyat va chora-tadbirlarni namoyish etishdan iborat.
Tadbirda dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan 150 ta xorijiy kompaniya va tashkilotlarning 200 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida ishtirokchilarga Oʻzbekistonning global biznes yuritishdagi asosiy afzalliklari, jumladan, malakali kadrlar, soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari, IT Park qoʻllab-quvvatlash dasturlari, IT Visa va Oʻzbekistonda biznes yuritishni imkon qadar osonlashtiradigan boshqa xizmatlar taqdim etiladi.
Tadbir Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov va Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakili Marko Mantovanellining chiqishlari bilan boshlandi.
“O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor hisoblanib, mamlakat rivojiga hissa qo‘shayotgan yosh aholi soni jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Xalqaro noaniqliklarga qaramasdan, mamlakat barqaror iqtisodiy o‘sishni namoyish etib, 2017-yildan buyon amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning to‘g‘ri yo‘naltirilganini tasdiqladi.
Raqamli transformatsiya mazkur o‘zgarishlarning katalizatoriga, raqamli iqtisodiyotni yaratish esa 2030-yilgacha rivojlanish strategiyasining asosiy elementiga aylandi. IT sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish va uni iqtisodiyotning lokomotiviga aylantirish — asosiy vazifalardan biridir.
Jahon banki IT Park tomonidan amalga oshirilayotgan loyihani moliyalashtirish orqali ushbu jarayonga ko‘maklashmoqda. Mmazkur loyiha butun mamlakat bo‘ylab minglab yosh IT-mutaxassislarni O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy IT-kompaniyalarda ishga joylashtirish uchun tayyorlash imkonini beradi”, — deya ta’kidladi Marko Mantovanelli.
Farhod Ibragimov Oʻzbekistonning xalqaro kompaniyalar uchun mavjud afzalliklariga toʻxtalib oʻtdi: “O‘zbekiston IT va autsorsing biznesini rivojlantirish uchun optimal joy hisoblanadi. Avvalo, iqtisodiy va siyosiy barqarorlik, inson kapitali va ko‘p sonli yosh aholi tufayli. Aholining 60% dan ortig‘i 18 yoshdan 35 yoshgacha bo'lgan yoshlardan iborat bo‘lib, ular autsorsing kompaniyalari uchun maqsadli auditoriya hisoblanadi.
Hukumat kompaniyalar uchun yirik imtiyoz va preferensiyalar, qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yaratgan holda O‘zbekiston orqali global biznes yuritishga qiziqqan kompaniyalarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘zbekistonning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi qulay geografik joylashuvi nafaqat mahalliy bozorga, balki butun Markaziy Osiyo va MDH bozoriga chiqish imkonini beradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston butun mamlakat bo‘ylab rivojlangan infratuzilmaga ega sayyohlar va aholi uchun eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi, arzon narxlar va qulay yashash sharoitlari esa mamlakatni relokatsiya uchun mashhur joylardan biriga aylantiradi.”
Shundan soʻng ikkita panel muhokamasi boʻlib oʻtdi. Birinchisi — “Cultivating Minds: Nurturing Talents and Educational Innovation” taʼlim sohasida iqtidorlarni rivojlantirish va innovatsiyalar masalalariga bagʻishlandi.
Muhokamani Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Jalolov olib bordi. Maʼruzachilar sifatida Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, “Millat Umidi” universiteti asoschisi Umidjon Ishmuhamedov va “SAP” boʻlimi, “NextGen” akademiyasi rahbari va xalqaro BPO-ekspert Eduardo Alkanzare qatnashdi.
Ikkinchi panel muhokamasi – “Pioneering Tech in the Heart of Central Asia: A Deep dive into Uzbekistanʼs Outsourcing Ecosystem” mavzusida boʻlib, Oʻzbekistondagi autsorsing ekotizimining taqdimotiga bagʻishlandi va mamlakatdagi ITES biznesining oʻziga xos jihatlari va manfaatlarini yoritib berdi.
Muhokama IT Park universiteti bosh direktori Bahodir Ayupov tomonidan olib borildi va “Infinite Computer Solution” kompaniyasining katta vitse-prezidenti Shon Manchanda, “Saviday” kompaniyasi hamkori va “IDA Ireland” kompaniyasining mintaqaviy direktori Shon Makellin va “VEON AdTech” kompaniyasi bosh direktori Jorj Xeld maʼruzachilar sifatida qatnashdilar.
Shuningdek, tadbirda “Tech Expo” tashkil etilib, unda ishlab chiqish, autsorsing, autstaffing, mablagʻ toʻplash va akseleratsiya sohalaridagi “Dalatech System”, “PointAI”, “TrustMe”, “Plug&Play”, “RealSoft”, “MAAB Innovation” va boshqalar kabi IT Park rezidentlari namoyish etildi.
Keyinchalik, mahalliy IT-taʼlim muassasalari va ITES-kompaniyalariga tashriflar boʻlib o‘tdi, unda ishtirokchilar mahalliy rezidentlarning biznes jarayonlarini shaxsan koʻrish, mutaxassislar bilan tanishish va kelgusidagi hamkorlikni muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar.
19 va 20-mart kunlari “Offshore Outsourcing Tour 2024” mehmonlari Samarqandga yoʻl olishadi, u yerda Oʻzbekiston IT-autsorsing bozorini oʻrganishga bagʻishlangan davra suhbati, shuningdek, mahalliy IT-taʼlim muassasalari va ITES-kompaniyalariga tashriflar tashkil etiladi. Tadbir madaniy dastur va tarixiy diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish bilan yakunlanadi.
“Offshore Outsourcing Tour” xalqaro ITES-kompaniyalarga Oʻzbekistonga sarmoya kiritish va oʻz biznes tashabbuslari uchun mahalliy resurslardan foydalanishning afzalliklari bilan tanishish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi. Mazkur tadbir IT Park rezidentlari uchun yangi buyurtmalar orqali ofis ochishga boʻlgan qiziqishning ortishiga va eksport hajmining koʻpayishiga yordam berishi mumkin, bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonning gullab-yashnashiga hissa qoʻshgan holda axborot texnologiyalari sohasida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga va iqtisodiyotning taraqqiy topishiga xizmat qiladi.
Translyatsiya yozuvini quyidagi havolada koʻrish mumkin: Offshore Outsourcing Tour
Batafsil maʼlumotni quyidagi havola orqali olishingiz mumkin:
2024-03-18