Toshkentda “Uzbekistan Outsourcing Forum” boʻlib oʻtadi

26-oktyabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN 2023” haftaligining uchinchi kuni doirasida chet ellik ekspertlar va mahalliy va xorijiy IT-kompaniyalar vakillarini birlashtiruvchi “Uzbekistan Outsourcing Forum” boʻlib oʻtadi.

Tadbirdan maqsad Oʻzbekistondagi IT-autsorsingni rivojlantirish istiqbollarini targʻib qilishdan iborat.

Forum tadbirning ochilish marosimiga bagʻishlangan videorolik namoyishi bilan boshlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kirish nutqi bilan soʻzga chiqadi.

Forum doirasida quyidagi maʼruzachilarning chiqishlari boʻlib oʻtadi:

  • IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov “Oʻzbekiston — IT-autsorsing rivojlanayotgan mamlakat” mavzusida nutq soʻzlaydi;
  • “Site Selector” Loren Moss Oʻzbekiston autsorsing bozorining jozibadorligi haqida gapirib beradi;
  • “FDI Advisery” mutaxassisi Kortni Fingar Oʻzbekistonda autsorsingni rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini batafsil yoritib beradi;
  • Tadbirkor va maslahatchi Endryu Vrobel BPO sohasidagi global tendensiyalar va ularning Oʻzbekistonga taʼsiri haqida umumiy maʼlumot beradi.

Tadbirda rezident kompaniyalarning taqdimotlari ham oʻrin olgan boʻlib, unda har bir maʼruzachi 10 daqiqa davomida oʻz kompaniyasi haqida gapirib beradi.

Forumda O‘zbekistonda “Cappersoft” va “Programmers Force” kompaniyalarining ofislari ochilishi, shuningdek, “Zero Risk” dasturi doirasida Jizzaxda Bocasay filiali ochilishi e'lon qilinadi. Bundan tashqari, BPO sohasidagi mutaxassis Lauren Moss eksport boʻlimi jamoasi bilan trening oʻtkazadi va ularga xorijiy kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilishning samarali usullarini oʻrgatadi.

Tadbir soʻnggida panel muhokamasi oʻtkazilib, unda ishtirokchilar Oʻzbekistonning kadrlar zaxirasi, strategiyalari, imkoniyatlari va muammolarini muhokama qiladilar. Forumda xorijiy va mahalliy IT-kompaniyalarning 200 dan ortiq vakillari ishtirok etadi.

2023-10-20