25-sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston–Koreya BPO Forumi bo‘lib o‘tdi. Bu O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida BPO va IT-xizmatlar sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun asosiy anjuman hisoblanadi. Forum IT Park Uzbekistan tomonidan “KOICA”, “Gyeongbuk Technopark”, “KTPA” bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Koreya elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Forumda ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari, davlat tuzilmalari va biznes uyushmalari vakillari ishtirok etdilar. Dasturda ekspertlarning ma’ruzalari, memorandumlar imzolanishi va B2B-uchrashuvlar o‘rin olgan bo‘lib, bular ikki tomonlama hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochib beradi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish departamenti rahbari Zohiriddin Mutalov qutlov nutqini so‘zladi. U tadbirning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatning raqamli tashabbuslarini ilgari surishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
O‘z nutqida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov jadal rivojlanish davrida Koreya Respublikasidan kelgan hurmatli ishtirokchilarni kutib olish ayniqsa quvonchli ekanligini ta’kidladi. Ularning faol ishtiroki tufayli 2023-yildan boshlab ushbu forum “ICT Week” doirasidagi uchinchi uchrashuvga aylandi. U koreyalik hamkorlarning doimiy ishtiroki ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam va rivojlanayotgan hamkorlikning yorqin ramzi ekanligini alohida qayd etdi.
O‘zbekistondagi Koreya Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do-yon forumning ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.
Osiyo mamlakatlariga xizmatlar eksporti bo‘limi bosh menejeri Nodirbek Berdiqobilov “O‘zbekiston — Koreyaning autsorsing hamkori: iste’dodlar va imkoniyatlar” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. U mamlakatning raqobatbardosh ustunliklarini, jumladan yosh mutaxassislarning mavjudligi va ularning tayyorgarligi, chet tillarini bilishi, rivojlangan infratuzilma va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlashni namoyish etdi.
O‘z tajribasi bilan Kim Yangjin, “Gyeongbuk Texnopark” markazi direktori ham o‘rtoqlashdi. U “Open innovation” loyihasini taqdim etdi. Ushbu loyiha doirasida 3 ta koreys kompaniyasi IT Park rezidentlari bilan autsorsing sohasida hamkorlik qilgan: “Ajin” va “Mimax”, “Verywords” va “IT Hub Samarkand”, “Siha” va “Robosell”. Kim Yangjin hamkorlikning dastlabki natijalari haqida ma’lumot berdi va kompaniyalar birgalikdagi faoliyatni davom ettirish niyatida ekanligini ta’kidladi.
Forumning eng muhim lahzalaridan biri Kim Songxyon, “AJIN INDUSTRIAL CO., LTD” kompaniyasi koordinatorining “A Case of Confidence: Why AJIN Outsources to Uzbekistan?” mavzusidagi nutqi bo‘ldi. Spiker O‘zbekistonda autsorsing jarayonlarini joylashtirishning muvaffaqiyatli tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U xizmatlarning yuqori sifati, qulay narxi, mahalliy mutaxassislarning malakasi va sohaning davlat tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlanishini alohida ta’kidladi.
Hamkorlikning amaliy yo‘li haqida “MIMAX Software Group” AI-muhandisi Ravshan Umaraliyev ma’lumot berdi. U “From Task to Trust: MIMAX SOFTWARE GROUP’s Journey with AJIN” nomli taqdimotida qo‘shma loyihalarda ishonchning muhimligini ta’kidlab, muvaffaqiyatli misollarni keltirdi.
“VERYWORDS” kompaniyasi bosh direktori Kim Sungvu “Creative Outsourcing in Action: VERYWORDS’ Pilot in Uzbekistan” loyihasini taqdim etib, O‘zbekistonda innovatsion mahsulotlar qanday rivojlanayotgani va xalqaro bozor uchun kreativ g‘oyalar qanday amalga oshirilayotganini namoyish qildi.
“IT HUB SAMARKAND” koordinatori Doniyor Usmonov “Creative Power from Samarkand: IT HUB SAMARKAND 1’s Cooperation with VERYWORDS” nomli taqdimotida mintaqaviy istiqbollarni ko‘rsatib berdi.
Forumda “SIHACNC Co., LTD” hammuassisi Pak Sejin “From Care to Code: SIHA and Uzbekistan in HealthTech” mavzusida ma’ruza qildi. U kompaniyaning O‘zbekiston bilan raqamli sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorligini rivojlantirish rejalari haqida so‘zladi.
“ROBOSELL LLC” kompaniyasining loyiha menejeri Davlatjon Ahmadjonov “ROBOSELL: Bridging Healthcare and Technology with SIHA” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan SIHA bilan hamkorlikdagi tashabbus haqida so‘zlab berdi.
Forumning muhim qismi BPO va raqamli texnologiyalar sohasida O‘zbekiston–Koreya hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik bitimlarini rasman imzolash bo‘ldi.
Tadbir doirasida uchta o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi:
IT Park Uzbekistan va Daegu Gyeongbuk ICT Industry Association (DGICT) o‘rtasida — hamkorlik IT sohasida startap ekotizimlarini, ta’lim dasturlarini va biznes hamkorliklarini rivojlantirishga qaratilgan.
IT Park Uzbekistan va Korea IT Business Women’s Association (KIBWA) o‘rtasida — hamkorlik ayollarning AKT va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, mentorlik va inkubatsiya dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan.
VERYWORDS va IT HUB SAMARKAND 1 o‘rtasida — kontent xizmatlari va mahalliylashtirish sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida.
Bundan tashqari, “VERYWORDS” ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Kunning ikkinchi yarmi B2B-uchrashuvlari va netvorking sessiyalariga bag‘ishlandi. O‘zbekiston va Koreya kompaniyalari vakillari kadrlar, IT-xizmatlar eksporti, kreativ loyihalar va biznes jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston–Koreya BPO Forumi nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamladi, balki IT va BPO-xizmatlar eksportini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham ko‘maklashdi. U O‘zbekistonning ishonchli IT-hub sifatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Tadbirlarning axborot hamkorlari: Aniq.uz, Daryo.uz, Frank.uz, Kursiv, Nova 24, The Tech, UzbekFintech, Weproject, Vzglyad.uz, Oriat Dono radiokanali
2025-09-26