Trendz Owl asoschisi IT Park’dagi b2b uchrashuv doirasida O‘zbekistonda autsorsingni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi.

7–9-iyul kunlari Toshkentda birinchi marta raqamli yetakchilik sohasidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lgan xalqaro Digital Leadership Forum bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida Trendz Owl kompaniyasi asoschisi Stiven Loind bilan uchrashuv tashkil etildi.

Stiven Loind, shuningdek, biznes jarayonlari autsorsing va CX konsalting firmasi Trendz Owlning bosh tahlilchisi. U hukumatlar va BPO kompaniyalariga mablag' yig'ish va bozor tahlilida yordam beradi. Shu bilan birga, u autsorsing bozorlari, offshoring va call-markaz tadqiqotlari boʻyicha mutaxassis.

Trendz Owl asoschisi IT Park vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekistonning autsorsing bozorini o‘rganish, investitsiya salohiyatini rag‘batlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Ekspert mahalliy bozor haqida xabardorlikni oshirish va yangi hamkorlarni jalb qilish uchun BPO boshqaruv tarmog‘idan foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Stiven Loind o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, O‘zbekistonning kuchli tomonlarini sanab o‘tdi va forum davomida o‘rnatilgan aloqalar mustahkam bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Sizning ambitsiyalaringiz, intilayotgan maqsadlaringiz, ularga IT, BPO va boshqa sohalar yordamida erishayotganingiz tahsinga sazovor. Men sizning bu yerda qancha amerikancha bizneslar allaqachon borligidan hayratda qoldim. Bu Oʻzbekistonni yanada koʻproq imkoniyatlarga ega deb oʻylashimga sabab boʻldi. Va bu borada sizga yordam berishga umid qilaman.

Shunday ekan, AQShmi, Yevropami yoki Xitoymi, mening falsafam shuki, biz butun dunyo bo‘ylab muloqot qilishimiz, birgalikda ishlashimiz kerak. Shunday qilib, menimcha, Osiyoning mana shu asosi bo‘ylab strategik joylashuvingiz va yuqorida aytib o‘tgan ambitsiyangiz siz uchun alohida imkoniyatlar to‘plamini ochib beradi”, — dedi u.

Ma’lumot uchun: Trendz Owl – BPO va autsorsing kompaniyalari uchun mijozlar tajribasini yaxshilash strategiyalarini taklif qiladi.

Shu bilan birga, u autsorsing uchun butun dunyo boʻylab bozordagi yangi joylar haqida ma’lumot beradi va konsalting xizmatlarini taqdim etadi. Shuningdek, bir qator kompaniyalarga yangi bozorlarga kirishda qaror qabul qilish jarayonida yordam beradi. Kompaniya oʻz faoliyatini kengaytirish uchun yangi joylarni qidirayotgan BPOlarning keng tarmogʻiga ega.

2023-07-19