Oʻzbekiston autsorsingi boʻyicha konferensiya — Oʻzbekistonda yaratilgan global biznes imkoniyatlarini namoyish etuvchi IT Park Uzbekistan tomonidan o‘tkazib kelinadigan yetakchi tadbir Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtdi. 60 dan ortiq kompaniyalar vakillarining ishtiroki, shuningdek, turk biznesining katta qiziqishi tadbirni ikki mamlakat ITes sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamga aylantirdi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov, “Yıldız TEXNOPARK” xalqaro aloqalar boʻyicha direktori Baran Kilicher va "Telenity" direktori Ilhan Bagoren tabrik soʻzlari bilan chiqdilar. Ularning nutqlari mazmunli sessiyaga yoʻl ochdi, unda Oʻzbekistonning muhim ustunligi — uning yosh va malakali kadrlar salohiyati taʼkidlandi.
Inson kapitaliga eʼtibor qaratilganda, mamlakatda mehnatga layoqatli yoshdagi 21 million kishi mavjud boʻlib, ularning 5 millioni ingliz tilini, 1 millioni esa turk tilini biladi. Ushbu noyob uygʻunlik Oʻzbekistonni oʻz autsorsing faoliyatini kengaytirishga intilayotgan kompaniyalar uchun jozibador manzilga aylantiradi. Bunday yondashuvga misol tariqasida “Yıldız TEXNOPARK”ni keltirish mumkin. U nafaqat Oʻzbekistonda oʻz filialini ochgan, balki mahalliy mutaxassislarni rivojlantirish va Turkiya kompaniyalariga ishga joylashtirish boʻyicha faol ish olib bormoqda.
Oʻzbekistonning autsorsing bozoridagi ahamiyati IT Park rezidentlari tomonidan Turkiyaga dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xizmatlarni faol eksport qilayotgani bilan tasdiqlanadi. Bu xizmatlar eksporti 2023 yildan beri 61 barobarga oʻsib, 2,7 million AQSH dollariga yetdi.
Dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchilar uyushmasi — “TÜYAFED” vakili Oʻzbekistonning inson kapitalini jahon darajasidagi IT-loyihalarni ishga tushirish va kengaytirish uchun gʻoyat qimmatli ekanligini taʼkidladi. U mamlakatning sezilarli salohiyatga ega ekanligini va global autsorsingda muhim rol oʻynashini alohida qayd etdi.
Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan biznes vakillari ham oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. “Testinium” kompaniyasi bosh direktori “Global Business Services Forum”da ishtirok etganidan soʻng Toshkentda ikkita ofisni juda tez ishga tushirgani haqida soʻzladi. Atigi ikki kun ichida biznesni ochish uchun barcha zarur tartib-taomillar yakunlandi, bu esa kompaniyaga oʻz faoliyatini darhol boshlash imkonini berdi. “Bu men boshdan kechirgan biznesni ochishning eng oson va silliq jarayoni boʻldi. Birlashgan Arab Amirliklari yoki Buyuk Britaniyaga qaraganda ancha osonroq kechdi,” — deya taʼkidladi u.
“Sistem Global” kompaniyasi vakili Hazal Bedir 2024-yil may oyidan boshlab ular IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik qilayotganini va Oʻzbekistonni oʻzlarining 1000 dan ortiq IT-mijozlari orasida faol targʻib qilayotganini aytdi. Ular siyosiy barqarorlik, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va iqtidorli mutaxassislarning ulkan zahirasi kabi afzalliklarni alohida taʼkidlamoqdalar.
Biznes jarayonlari autsorsingiga ixtisoslashgan “Unicall” kompaniyasi ham Oʻzbekiston bozoridagi muvaffaqiyatlari bilan oʻrtoqlashdi. Qulay ishbilarmonlik muhiti va iqtidorli kadrlarga ega boʻlish tufayli kompaniya tez surʼatlarda kengayib, xalqaro mijozlarga samarali xizmat koʻrsatishga erishdi.
Yakunlovchi nutqida Farhod Ibragimov Oʻzbekiston va Turkiya, boy tarix va madaniyatga ega boʻlgan har ikki davlatni umumiy meros birlashtirib turishi mustahkam va samarali hamkorlikka yoʻl ochishini taʼkidladi. Iqtisodiy oʻsish va mintaqaviy barqarorlikka intilish sharoitida bu hamkorlik tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday konferensiyalar Oʻzbekistonni xalqaro maydonda autsorsing uchun eng maqbul joy sifatida ilgari surishda muhim rol oʻynaydi. Ular yangi ish oʻrinlari yaratish, investitsiyalarni jalb qilish va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, bu esa pirovardida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va fuqarolar farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
2024-09-06