Turkiyaning Albayrak kompaniyasi IT Park rezidenti boʻlishga qiziqish bildirmoqda

10-avgust kuni Albayrak xoldingi vakili boʻlgan Turkiya delegatsiyasi IT Park Uzbekistan ofisiga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Albayrak xoldingining texnik direktori va bosh menejeri Erdal Nalbant, Oʻzbekistondagi mintaqaviy menejer Hasan Yavuzturk va Geoaldata Tech kompaniyasi direktori Alisher Zufarov ishtirok etdi.

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad IT Parkda rezident maqomini olish imkoniyatlarini muhokama qilish, taqdim etilayotgan imtiyozlarni koʻrib chiqish, shuningdek, Namangan shahrida BPO-markazini ochish boʻldi.

IT Park vakillari tashkilotning soʻnggi yutuqlari va yangi loyihalari haqida maʼlumot berib, IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlarining afzalliklariga alohida eʼtibor qaratdilar.

Erdal Nalbant Albayrak xoldingi tomonidan IT Park rezidenti maqomini olishga qiziqish bildirdi. U Oʻzbekistonda IT sohasi jadal rivojlanayotganini taʼkidlab, rezidentlarga berilayotgan imtiyozlardan hayratda qoldi. Mehmonlar, shuningdek, xorijiy kompaniyalarga respublikada eksportni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston bozoriga kirishga imkon beradigan Zero-Risk Program — “Softlending” dasturi loyihasiga qiziqish bildirishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.

Kompaniya haqida

Albayrak Group — Istanbulda joylashgan yirik koʻp tarmoqli turk konglomerat kompaniyasi. Dastlab qurilish sohasiga ixtisoslashgan kompaniya keyinchalik transport, logistika, chiqindilarni boshqarish va ommaviy axborot vositalariga qiziqish doirasini kengaytirdi.

2023-08-11