IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kunida “O‘zbekistonda xalqaro nizolarni hal etish: Toshkent xalqaro tijorat sudi” mavzusida panel sessiyasi o‘tkazildi. Muhokamaning maqsadi xalqaro tijorat nizolarini hal qilish uchun yangi mustaqil institut konsepsiyasini taqdim etish va uning mamlakat investitsiya muhitini yaxshilashdagi potensial rolini ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi. Forum doirasida IT Park vakillari Ummon kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zbekistonda xalqaro nizolarni hal etish: Toshkent xalqaro tijorat sudi
Muhokamada xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi: “Global Neighbours” maslahat kengashi a’zosi Gerta Daubler-Gmelin (Germaniya), “Omani & Partners” yuridik firmasining boshqaruvchi hamkori Nasser bin Mohsen Al-Adba (BAA), “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Jon Zaydi (Saudiya Arabistoni), TDYU rektori Islombek Rustambekov, Toshkent xalqaro arbitraj markazi direktori Diana Bayzakova va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari Jamshid O‘runov. Sessiyaga Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish bo‘yicha “Enterprise Uzbekistan” maslahatchisi Mari-Enn Birken (Buyuk Britaniya) moderatorlik qildi.
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risidagi qonunda Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilganiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur qaror xalqaro standartlarga mos keladigan zamonaviy huquqiy infratuzilmani shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi va “Enterprise Uzbekistan” markaziga mamlakatni ochiq va shaffof sud tizimiga ega istiqbolli global IT-hab sifatida taqdim etish imkonini beradi.
Muhokama davomida ekspertlar TXTSning xorijiy investorlar uchun ahamiyati, tartib-taomillarning shaffofligi, sudyalarning mustaqilligi va qarorlarni ijro etish mexanizmlari masalalarini ko‘rib chiqdilar. Ishtirokchilar sud jarayonlarining onlayn mavjudligi, sudgacha hal qilish imkoniyati, ingliz tilida ish yuritish va sud qarorlarini xalqaro miqyosda tan olish muhimligini ta’kidladilar. Bularning barchasi xorijiy hamkorlar va investorlarning ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Gerta Daubler-Gmelin TXTSni tashkil etish biznesning haqiqiy ehtiyojlariga javob berishini va xalqaro hamjamiyatning ishonchi bilan muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’kidladi. Nasser bin Mohsen Al-Adba sudyalarning professionalligi va ingliz tilidan foydalanishni xorijiy kompaniyalarning ishonchini mustahkamlashning asosiy omillari sifatida qaytd etdi. Ushrashuv yakunida ekspertlar bir ovozdan TXTSni O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va investitsiyaviy barqarorlikni mustahkamlashning muhim vositasi sifatida e’tirof etdilar.
Ummon bilan hamkorlik: kichik va o‘rta biznes hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor
TXIF doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligida “Harweel Integrated” kompaniyasi bosh direktori va Ummon Savdo-sanoat palatasi (OCCI) Bank va moliya qo‘mitasi a’zosi, shuningdek, Ummon-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi a’zosi Kalim Muhammad Salim ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, IT Park Uzbekistan startaplar va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov qatnashdi.
Muhokamaning asosiy mavzulari O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasidagi investitsion salohiyati, IT sohasidagi islohotlar, jadal rivojlanayotgan startap ekotizimi, shuningdek, xorijiy hamkorlarni jalb qilish imkoniyatlari bo‘ldi. Muhammad Salim kichik va o‘rta biznesga sarmoya kiritishga alohida qiziqish bildirdi, shuningdek, innovatsion yo‘nalishlarda hamkorlik qilish istiqbolli ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar natijasida qo‘shma ishchi guruh tuzish, startaplarni dastlabki bosqichda qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma akseleratsiya dasturini ishga tushirish, ikki mamlakat startaplari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, Ummon startaplarini O‘zbekiston bozoriga kirishda qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, O‘zbekiston startaplariga Ummon bozorini o‘zlashtirishda ko‘maklashishga kelishib oldilar. Ushbu tashabbuslar startap ekotizimlarini mustahkamlash va kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
High C-Level Digital Connect: hamkorlikni mustahkamlash
Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va “DataVolt” tomonidan tashkil etilgan “High C-Level Digital Connect” qo‘shma tadbiri ikkinchi kunning muhim voqeasi bo‘ldi. Tadbir davlat sektori vakillari, sanoat yetakchilari va O‘zbekistonning raqamli kelajagini shakllantiruvchi innovatorlarni birlashtirdi.
Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov, “Startup Garage” bosh direktori Muhammad Xalil, “Legrand” ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Yelena Onyakova, “ACWA Power” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi moliyaviy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Axsen Said, “Amea Power” direktorlar kengashi raisi Husayn J. Alnovais, “Zepplin Power System CAT” energiya tizimlari bo‘limining savdo vakili Bekzod Sanalulov ishtirok etdi.
Uchrashuv tajriba almashish, AKT sohasidagi yangi imkoniyatlarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. Bu esa mamlakatning global raqamli makonga qo‘shilishiga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston yana bir bor mamlakatning qonun ustuvorligi, shaffoflik va xalqaro hamkorlik tamoyillariga sodiqligini namoyon etdi. TXTS tashkil etish masalasini muhokama qilish va Ummon kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish O‘zbekistonning qulay ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish hamda jahon investitsiya va huquqiy tizimlariga qo‘shilish bo‘yicha strategik yo‘nalishini tasdiqlaydi.
2025-06-11