UpStream BPO Sirdaryo viloyatida yangi vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda

IT Park vakillari Malayziyaning mashhur UpStream BPO autsorsing kompaniyasi asoschisi Ahmad Qayum bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Ma’lumki, UpStream BPOning Malayziya va Singapurda 5000 nafardan ortiq xodimlari hamda ofislari mavjud.

Uchrashuv davomida bosh direktor Ahmad Qayum O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida yangi ofis ochish va uning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish rejasini aytib o‘tdi. 

O‘zbekistonda yangi ofis ochish qarori UpStream BPO‘ning rivojlanayotgan bozorlarga chiqish va Markaziy Osiyoda o‘sib borayotgan iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish strategiyasiga mos keladi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston o‘zining strategik jihatdan qulay geografik joylashuvi va dinamik iqtisodiy o‘sishi tufayli ham mahalliy, ham xalqaro bozorlarga xizmat ko‘rsatish uchun eng qulay joy hisoblanadi. 

UpStream’ning Sirdaryodagi yangi BPO bo‘limi asosiy e’tiborni inson resurslari, moliyaviy texnologiyalar, kiberxavfsizlik va umumiy biznes jarayonlarini autsorsing kabi bir qancha muhim biznes funksiyalarga qaratishni rejalashtirmoqda. Yurtimizdagi kadrlar salohiyati va ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish maqsadida INHA universiteti bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda kelgusida mutaxassislarni birgalikda tayyorlash va keyinchalik ularni O‘zbekistondagi UpStream BPO’da ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ta'kidlash joizki, mahalliy iste'dodlar jamg'armasidan foydalangan holda, UpStream BPO global miqyosda raqobatbardosh bo'lgan yuqori sifatli autsorsing xizmatlarini taqdim etishga intiladi.

Ahmad Qayyum O‘zbekistonga tashrifi doirasida MAAB Innovation kompaniyasiga ham tashrif buyurdi. Maab Innovation bilan uchrashuv hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bo‘lib, muzokaralar davomida tomonlar MAAB Innovation bitiruvchilarini yangi UpStream BPO ofisiga jalb qilishga qaror qilishdi. Uchrashuv so‘nggida aloqalarni mustahkamlash va malakali kadrlar oqimining uzluksiz kelishini ta’minlaydigan hamkorlik memorandumini imzolashga qaror qilindi. Bundan tashqari mehmonlar “Unicall” kompaniyasida uchrashuv tashkil etilib, unda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi, bu esa har ikki tomon uchun yangi istiqbollarni ochishi shubhasiz.

Yangi ofisning ochilishi O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirishi, shuningdek, yuqori sifatli ish o‘rinlarini yaratish orqali mahalliy iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

2024-04-17